Uz / Ўз Ru En

Toshkent

20/Yanvar/2022   Prezident

O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tgan yig‘ilishda xususiylashtirish borasidagi ishlar tanqidiy tahlil qilindi

TOSHKENT, 20 yanvar. /“Dunyo” AA/.  Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, yig‘ilishda sohadagi ishlar ahvoli va kelgusi rejalar tanqidiy muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, tarmoq va hududlarda samarasiz ishlatilayotgan 2 mingta obyekt borligi aniqlandi.

Jumladan, neft-gaz tarmog‘ida 210 ta, aloqa sohasi korxonalarida 152 ta, davlat tijorat banklarida 114 ta, kimyo tarmog‘ida 44 ta, energetikada 28 ta sotiladigan bino bor. Viloyat hokimliklari balansida ham 170 ga yaqin bo‘sh obyekt yillar davomida sotilmay turibdi.

Yig‘ilishda bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga intizomiy choralar ko‘rilishi belgilandi, ayrimlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Joriy yilda sohadagi ishlarni faollashtirib, natijadorlikni ikki barobar oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Masalan, hududiy obyektlar va noqishloq yerlarni xususiylashtirish orqali yil yakunigacha jami 8 trillion so‘mdan ziyod tushumni taʼminlash mumkin.

Shu bilan birga, xatlovni davom ettirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Nosohaviy, samarasiz va bo‘sh turgan aktivlarni aniqlash hamda ochiq savdolarga chiqarishga viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlari shaxsan masʼul etib belgilandi.

Bugungacha savdoga qo‘yilgan 33 mingta yer uchastkasini mulk huquqi asosida sotish, shuningdek, 1 iyulga qadar yana 25 mingta maydonni auksionga chiqarish vazifasi qo‘yildi.

Yo‘l, transport, neft-gaz, energetika, avtomobilsozlik tarmoqlariga qarashli 266 ta korxonani alohida yondashuv asosida savdoga chiqarish kerakligi aytildi.

– Hali ko‘plab tarmoq rahbarlari tizimidagi nosohaviy korxonalarni samarasiz ishlatmoqda. Yirik tarmoqlarda 480 ta korxonadagi davlat ulushini to‘liq xususiy sektorga berish mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, Bosh vazirga “O‘zavtosanoat”, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zbekneftegaz”, “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi tarmoqlardagi tegishli obyektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni xususiylashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

“Farg‘onaazot”, “Bektemir spirt zavodi”, “Qo‘qon biokimyo”, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Kvars”, “Xayyat” kabi yirik majmualarga salohiyatli investorlarni jalb qilish muhimligi qayd etildi. 23 ta aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini birlamchi sotish orqali fond bozoriga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bo‘sh turgan binolardan foydalanishning yana bir usuli – ijara. Yig‘ilishda bu boradagi imkoniyatlar ham ko‘rsatib o‘tildi. Hududlar va tarmoqlar tasarrufidagi davlat mulklari ijarasi hisobiga joriy yilda 500 milliard so‘m tushumni taʼminlash mumkinligi aytildi.

Bundan buyon, uch oydan ortiq bo‘sh turgan obyekt ijaraga berilishi yoki sotuvga chiqarilishi shartligi belgilandi. Davlat aktivlari agentligiga davlat ulushi bor korxonalarning ijara shartnomalarini ochiq-oshkora ro‘yxatga olish va onlayn nazorat qilish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, hududlar va tarmoqlar kesimida 2022 yil xususiylashtirish dasturi tasdiqlanadigan bo‘ldi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidenti: Birorta maktab “...

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun axborot texnologiyalari sohasida salohiyatli...

O‘zbekiston Prezidenti telefon orqali Qo...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaye...

O‘zbekiston Prezidenti nuroniylarni ziyo...

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar oldi...

So`nggi yangiliklar