20/Avgust/2021 Prezident
TOSHKENT, 20 avgust. /«Dunyo» AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkenti shahrida o‘tkazgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot chog‘ida biznes protseduralariga oid vazifalarni qayd etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni qisqartirish, sohadagi tartib-taomillarni soddalashtirish, xususiy mulk daxlsizligi borasidagi siyosatni qatʼiy davom ettiramiz, - dedi davlatimiz rahbari. - Tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 80 dan ortiq subsidiyalar joriy etildi. O‘tgan davrda ularga 2,3 trillion so‘m ajratildi.
Lekin maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, muqobil energetika, baliqchilik, parrandachilik, qorako‘lchilik kabi 10 dan ziyod sohada subsidiyalar ishlamayapti.
Bunga sabab – ushbu subsidiyalarni to‘lash tartibi murakkab va raqamlashmagan. Tadbirkor subsidiyani olish uchun o‘rtacha 5 ta hujjatni taqdim etishi, 10 ta vazirlik va idoradan xulosa olishi zarur. Bunga kamida bir oy ketadi.
Bundan tashqari, 60 foiz chorvadorlar subsidiya olish jarayonini “murakkab” deb hisoblaydi.
Shu bois kelgusi yil 1 yanvardan subsidiyalarni ajratish bo‘yicha murojaatlar “yagona darcha” tamoyili asosida qabul qilinadi, jarayonda ishtirok etadigan davlat idoralari soni 2-3 baravarga qisqartiriladi.
Ikkinchidan, o‘tgan bir yilda tadbirkorlardan talab qilinadigan 400 dan ortiq litsenziya yoki ruxsatnomalardan 114 tasini bekor qildik. Shuningdek, litsenziya va ruxsatnoma talab qilgan 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga o‘tkazildi. Hozirda 30 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar “onlayn” tarzda berilmoqda.
Kelgusi yildan boshlab, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun barcha ruxsat etuvchi hujjatlar “onlayn” tarzda rasmiylashtiriladi. Joriy yil yakuniga qadar litsenziya yoki ruxsatnomalar soni yana kamida 30 foizga qisqartiriladi.
Uchinchidan, Sirdaryodagi “Vang Da Grup” qo‘shma korxonasi rahbari Go‘zal Tojimirzayeva va metallurgiya sohasidagi 30 dan ziyod boshqa tadbirkorlarimiz induksion pechlardan foydalanishga ruxsat berilishini so‘raganlar.
Ushbu murojaatlarni inobatga olib, 1 noyabrdan barcha texnik talablarga to‘la javob beradigan, zamonaviy induksion pechlardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi.
Bunda mahsulot sifatini taʼminlash, uni yagona standartlar va xavfsizlik talablariga to‘la javob berish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
To‘rtinchidan, tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan har qanday tekshirish, monitoring va nazorat tadbirlarida adolat mezonlari va qonun ustuvorligi taʼminlanishi shart. Buning uchun, Savdo-sanoat palatasiga tadbirkorning roziligi bilan, barcha tekshirishlarda ishtirok etish va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish vakolati beriladi.
Beshinchidan, bugungi kunda mahalliy hokimliklar bino va inshootlarning buzilishi bo‘yicha 349 nafar tadbirkordan 123 milliard so‘m qarzdor. Barcha viloyat hokimlarini ogohlantiraman: 1 sentyabrga qadar tadbirkorlar bilan barcha hisob-kitoblar yakuniga yetkazilishi, bir so‘m ham qarzdorlik qolmasligi shart».