12/Noyabr/2021 Prezident
TOSHKENT, 12 noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha Istanbul shahriga kelgach, o‘ziga ajratilgan qarorgohda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag‘dod Amreyevni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Kengashga aʼzo davlatlar o‘rtasidagi konstruktiv muloqot jadal rivojlanayotgani va amaliy hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Xususan, keyingi yillarda O‘zbekistonning Turkiy kengash mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga ortdi, qo‘shma korxona va loyihalar soni 4 mingtaga yaqinlashdi.
Joriy yilda mamlakatimizda tashkilotning qator muhim tadbirlari, jumladan, Xiva shahrida madaniyat vazirlari, Qo‘qon shahrida turizm vazirlarining uchrashuvlari, Toshkent shahrida yoshlar forumi o‘tkazildi.
O‘zbekiston yetakchisi butun mintaqa barqarorligi va ravnaqini taʼminlashga qaratilgan muhim loyiha va dasturlarni ilgari surishda Kengash imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim ekanini alohida taʼkidladi.
Uchrashuv davomida bosh kotib Bag‘dod Amreyev davlatimiz rahbariga bo‘lajak sammitga tayyorgarlikning borishi, tadbir dasturi va kun tartibidagi masalalar to‘g‘risida maʼlumot berdi.