Uz / Ўз Ru En

Toshkent

22/Yanvar/2020   Siyosat

O‘zbekiston Prezidentining mamlakat parlamentidagi nutqlari - xorijiy ekspertlar diqqat markazida


TOShKENT, 22 yanvar. /“Dunyo” AA/. Xorijiy davlatlarning rasmiy, ishbilarmon va ekspert doiralari vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislari hamda parlament ikkala palatasining qo‘shma majlisidagi nutqlarini katta qiziqish bilan o‘rganmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Markaziy Osiyo va Kavkazni tadqiq qilish instituti bosh direktori Tesuji Tanaka Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisdagi nutqlari va Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening mamlakat parlamentining navbatdagi sessiyasi ochilishidagi nutqi bir vaqtga to‘g‘ri kelganida chuqur ramziy ma'no borligini ta'kidladi. U O‘zbekistonda xalqaro demokratik tamoyillar ruhida o‘tkazilgan parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi maqomida qatnashganini ma'lum qildi.

Mutaxassis O‘zbekiston rahbari nutqlarining mazmun-mohiyatiga to‘xtalib, ularni “o‘z vaqtidagi va muhim fikrlar”, deya ta'kidlagan. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning jamiyatni yanada demokratlashtirish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan rejalarini yuqori baholagan.

T.Tanaka yangi tarkibdagi parlamentga 48 nafar xotin-qiz saylanganini mamnuniyat bilan qayd etgan. Bu O‘zbekistonning gender tengligi tamoyiliga sodiqligini namoyon etmoqda. Yapon eksperti Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolariga O‘zbekistonni yanada ravnaq toptirish va farovonligi yo‘lidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Yaponiya tibbiyot sohasida tashqi texnik ko‘mak ko‘rsatish tashkiloti (OMETA) raisi, “Sakura Global Holdings” kompaniyasi bosh ijrochi direktori K.Masumoto Yaponiya biznes hamjamiyati O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib borayotganini ta'kidladi. Bu qiziqish, ayniqsa, O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarida yangi davrni boshlab bergan 2019 yil dekabr oyidagi oliy darajadagi tashrifdan so‘ng yanada ortdi.

O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis palatalari majlislarida so‘zlagan nutqlarini chuqur o‘rganib chiqqan yapon tadbirkorining fikricha, mazkur hujjatlar mamlakatning yaqin kelajakdagi taraqqiyoti yo‘nalishlarini belgilab bergan.

O‘zbekistonda tibbiyot sohasini takomillashtirishga alohida e'tibor qaratilayotgani e'tiborni tortmoqda. K.Masumoto 2019 yil dekabr oyida erishilgan kelishuvga binoan Toshkent shahrida o‘zbek-yapon tibbiy markazini tashkil etish, chaqaloqlar uchun inkubator va bug‘ sterilizatorlarini yig‘ish ishlarini tashkillashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali mamlakatda ushbu sohani rivojlantirishga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.

Sukuba universiteti tadqiqot markazi rahbari, professor Masaki Ono 2019 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashish uning uchun katta sharaf bo‘lganini ta'kidladi.

“Biz O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ulkan o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldik. Ushbu ijobiy jarayonlar ochiqlik ruhida va siyosiy partiyalarning faolligi sharoitida o‘tgan parlament saylovida to‘la namoyon bo‘ldi», - deb qayd etdi u.

- O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yangi saylangan Qonunchilik palatasi deputatlari va Oliy Majlis Senati a'zolariga yo‘llangan nutqlari tarixiy ahamiyatga ega, - dedi u. - Mamlakat rahbari jamiyatni yanada isloh qilish va respublika aholisi uchun yaxshi yashash sharoitlarini yaratish jarayonida parlamentning ortib borayotgan roli va vazifalari to‘g‘risida strategik qarashlarni o‘rtaga tashladi.

 “Yaponiya-O‘zbekiston” do‘stlik uyushmasi raisi Nobuxiko Shimaning fikricha, O‘zbekiston Prezidenti parlamentdagi chiqishlarida 2019 yil amalga oshirilgan islohotlar natijalari to‘g‘risida gapirib, deputatlar, senatorlar va hukumat a'zolari oldiga keyingi besh yilda bajarilishi kerak bo‘lgan yangi vazifalarni qo‘ydi.

- O‘zbekiston yangi rahbar rahnamoligida so‘nggi yillarda ulkan yutuqlarga erishdi. Aholining turmush darajasi va mamlakat imijini yaxshilash borasidagi yutuqlar xalqaro hamjamiyatda, shu jumladan Yaponiyada juda qadrlanadi. Ishonamanki, O‘zbekiston 2020 yilda yanada ulkan yutuqlarga erishadi, - deya xulosa qildi yapon jamoat arbobi.

Yevropa istiqbollari va xavfsizligi instituti direktori Emmanuel Dyupyui (Fransiya) O‘zbekiston rahbarining ijroiya hokimiyat bilan muvozanatni yaratish maqsadida qonun chiqaruvchi hokimiyat rolini yanada kuchaytirish bo‘yicha tashabbusi maqtovga loyiq, deb hisoblaydi. Masalan, “hukumat soati” amaliyotga joriy etildi, unda parlament a'zolari vazirlarga bevosita yozma yoki og‘zaki murojaat qilmoqda. Bu, shubhasiz, qonun chiqaruvchi hokimiyatning ta'siri kuchayib borishiga yordam beradi.

“Mening fikrim” hukumat veb-sahifasi faoliyatini yana faollashtirish muhim qadam bo‘lib, bu oddiy fuqarolarga ma'muriy boshqaruv bilan bog‘liq masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal qilish imkonini beradi. Yana bir muhim tashabbus – bu parlament a'zolarining qonun chiqaruvchi va tartibga soluvchi maqomidagi vazifalarini to‘liq bajara olishi uchun ularning malakasini oshirishga ko‘mak ko‘rsatishdir. Shu ma'noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi kerakli tajriba va imkoniyatlarga ega”, - deydi u.

Uning fikricha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Tanzila Norboevaning Oliy Majlis Senati raisi etib saylangani xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Umuman olganda, yangi parlament tarkibida xotin-qizlarning ko‘paygani o‘rnak olishga arziydigan ijobiy voqelikdir.

“Yana bir muhim jihat - Oliy Majlis Senati rolini kuchaytirishga qaratilgan sa'y-harakatlardir. Demokratiya rivoji bir vaqtning o‘zidagi izchillik, ya'ni yuqoridan pastga (kuchli davlat, mamlakatni modernizasiyalash) va pastdan yuqoriga (davlat darajasidagi qarorlarni qabul qilishda mintaqalar va mahalliy hokimiyat organlari vakillarining ishtiroki) bo‘lgan harakatlarga bevosita bog‘liqdir", - dedi E.Dyupyui.

Pokiston global va strategik tadqiqotlar markazi (GSTM) prezidenti, mamlakatning Bosniyadagi sobiq elchisi X.Jaffri xalqaro kuzatuvchi sifatida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovi natijalarini yuqori baholadi. Shu munosabat bilan u O‘zbekistonda yangilangan parlament va hukumatni shakllantirishning yakuniy jarayonlarini katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Bu jarayonlar  respublikaning istiqboldagi rivojlanishida yangi tarixiy bosqich bo‘ladi.

GSTM rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston rahbarining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlar faoliyati, shuningdek, elektorat bilan ishlash samaradorligini oshirish borasidagi tashabbuslari uning yangi formatdagi islohotchi ekanini yana bir karra namoyon etmoqda.

Ekspert O‘zbekiston mintaqaviy iqtisodiy siyosat va demokratik o‘zgarishlar markaziga aylanib, jadal rivojlanmoqda, deb hisoblaydi. Mamlakatda davlat hayotining barcha jabhalari, shu jumladan parlamentda asosiy huquqiy tamoyillar va gender tengligini kengaytirmoqda. Shu bilan birga, respublikaning tashqi dunyo bilan, jumladan, xorijiy davlatlar parlamentlari bilan ko‘p qirrali aloqalari faollashmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasida ko‘tarilgan masalalarga to‘xtalib, u O‘zbekistonda bog‘dorchilik va chorvachilikni qishloq xo‘jaligining lokomotivi sifatida yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilayotgan dolzarb vazifalarga e'tibor qaratdi. “Darhaqiqat, 21-asrda har bir millatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy barqarorligida oziq-ovqat xavfsizligi masalalari hal qiluvchi rol' o‘ynaydi. Shu ma'noda, davlat rahbarining keng ko‘lamli islohotlari samarasida eng rivojlangan agrosanoat majmuiga ega O‘zbekiston mintaqaning oziq-ovqat markaziga aylanishi mumkin”, - deb ta'kidladi u.

X.Jaffri so‘nggi ikki yilda Pokiston O‘zbekistondan import qilayotgan meva va sabzavotlar hajmi uch baravar oshganini (80 million dollardan ko‘proq) bunga misol tariqasida keltirdi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlarning samarali natijalari hamda ushbu sohada Pokiston-O‘zbekiston hamkorligi uchun ulkan salohiyat mavjudligini namoyish etadi.

Umuman olganda, GSTM rahbarining fikricha, O‘zbekiston Prezidenti so‘nggi yillarda mamlakat hayotining barcha sohalarini isloh qilish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirdi. Jamiyatdagi siyosiy faollik oshdi, xalqning parlament va hukumatga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanmoqda. Bu esa respublika barqaror rivojlanishining kafolati bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqlari «Diplomatic News Agency» va «Islamabad Post» yangiliklar portallarida e'lon qilindi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidenti: Ilm-fan va inno...

O‘zbekiston Prezidenti Sirdaryo viloyatiga safari davomida Oqoltin tumani «Nurafshon orzu ...

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘r...

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidiqov kecha Saudiya...

O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tgan...

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtl...

So`nggi yangiliklar