Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Yanvar/2021   Media

O‘zbekiston Prezidentining Murojaatnomasi Xitoy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda


PEKIN, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi Xitoy ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida turibdi. Xususan, Xitoyning Gonkong, Makao singari hududlari hamda Janubi-Sharqiy Osiyoning qator mamlakatlarida o‘zining ko‘p millionli o‘quvchilariga ega bo‘lgan “China.com.cn”, “Chinanews.com” va «China Social Science Network» singari yetakchi elektron nashrlarida ushbu mavzuda qator materiallar nashr etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Shuhrat Umirov.

Masalan, “China.com.cn” nashrining taʼkidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur Murojaatnomasi mamlakatning oldinda turgan yillardagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini anglash nuqtai nazaridan muhim dasturilamal hujjat hisoblanadi.

Maqolada qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi puxta va oqilona siyosatning mantiqiy davomi o‘laroq, pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha qatʼiy qarorlar qabul qilindi. Shu bois O‘zbekiston turli sohalardagi islohotlarni davom ettirgani holda ijobiy natijalarga erishdi va iqtisodiy o‘sishni taʼminladi. “2020 yil yangi koronavirus epidemiyasining salbiy taʼsir ko‘rsatishiga qaramasdan, O‘zbekistonda iqtisodiy rivojlanish davom etdi”, deb yozadi nashr.

“Chinanews.com” axborot portalining tahlilchisi Su Yuy qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2020 yil mamlakat rivojlanishida erishilgan muvaffaqiyatlar o‘z ifodasini topgani barobarida mazkur muhim hujjat asosida O‘zbekiston yetakchisi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va chora-tadbirlarni ham belgilab berdi.

Xitoylik sharhlovchi qalamiga mansub ushbu maqolada taʼkidlanishicha, 2021 yilda O‘zbekistonning islohotlarni izchil davom ettirish niyati qatʼiydir. Prezident Shavkat Mirziyoyev Murojaatnomasiga muvofiq, istiqboldagi o‘zgarishlar doirasida infratuzilmalar qurilishi, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, taʼlim hamda yoshlar bilan ish olib borish singari sohalarda qo‘yilgan vazifalar shundan dalolat beradi.   

«China Social Science Network» nashri sharhlovchisi Chjan Yuyning alohida qayd etishicha,  Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab bergan ustuvor vazifalar mamlakat iqtisodiyoti va jamiyati rivojlanishining barcha qirralarini qamrab olgan. Muallifning taʼkidlashicha, O‘zbekiston ichki iqtisodiyotni liberallashtirishga ko‘maklashish hamda tashqi dunyoga ochiqlik yo‘liga sodiq bo‘lib qolishi barobarida Yevroosiyoda yer usti transport kommunikatsiyalarida muhim bo‘g‘in bo‘lish uchun o‘zining afzalliklaridan faol foydalanadi.   

Chjan Yuyning yozishicha, so‘nggi yillar davomida O‘zbekiston samarali bozor iqtisodiyoti islohotlarini hayotga tadbiq etmoqda. Axborot texnologiyalari muvaffaqiyatlaridan foydalanishga katta eʼtibor qaratayotgani milliy iqtisodiyot transformatsiyasi va uni modernizatsiyalashga hamda mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi jarayonini jadallashtirishga ko‘maklashmoqda.  

Maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekiston yangi koronavirus kasalligi tarqalishiga hamda uning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga lozim darajada va o‘z vaqtida eʼtibor qaratdi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi ijobiy iqtisodiy o‘sish natijalariga erishgan  dunyoning kam sonli mamlakatlaridan biri bo‘ldi.

Yuqoridagilar bilan birga, xitoylik sharhlovchi o‘z maqolasida keyingi yillar davomida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy hamkorlikni faol mustahkamlayotgani masalasiga ham eʼtibor qaratgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi mintaqaviy siyosati tufayli mintaqa mamlakatlari o‘zaro maslahatlashuvlar yo‘li bilan bahsli masalalarni hal etishga muvaffaq bo‘ldi. Mintaqaning barqaror rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim muhim masalalar yuzasidan konsensusga erishildi.  

Chjan Yuy maqolada o‘zaro do‘st va qo‘shni mamlakatlar bo‘lgan Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilganiga alohida eʼtibor qaratgan. Epidemiyadan keyingi davrda ikki davlat tibbiyot va sog‘liqni saqlash, transchegaraviy elektron savdo, bojxona va tranzit tartibоtlarini soddalashtirish, transport-kommunikatsiya yo‘laklari qurish, quruqlikdagi bardargohlar tarmoqlarini barpo etish va boshqa ko‘pgina sohalardagi hamkorlik uchun katta salohiyatga ega.

Mavzuga oid

Misrning «Al-xabar al-yovm» gazetasi Im...

Joriy yil 17 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan «Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi: rej...

Erondan munosabat: O‘zbekiston Prezident...

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi Eronning «Fars new...

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni invest...

Saudiya Arabistonining “Franchising” veb-saytida “Acwa Power O‘zbekistondagi investitsiyal...

So`nggi yangiliklar