29/Dekabr/2022 Fakt
TOSHKENT, 29-dekabr. /“Dunyo” AA/. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida sinov tariqasida gaz-turbinali dvigatellar uchun JET A-1 aviatsiya yoqilg‘isi partiyasi ishlab chiqarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Energetika vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, ushbu yoqilg‘i Yevropa sifat standartiga javob beradi va xalqaro aviatsiya bozorida, jumladan, Airbus va Boeing samolyotlarida unga talab juda yuqori.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan JET A-1 aviatsiya yoqilg‘isi Butunrossiya neftni qayta ishlash ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkaziladigan malaka sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Ushbu sinovlardan so‘ng ishlab chiqarish texnologiyasi tasdiqlandi va O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan muvofiqlik sertifikati olindi.
Zavodga 3 million dollarlik maxsus laboratoriya jihozlari keltirildi. Laboratoriya akkreditatsiyadan o‘tkazilgani haqida tegishli attestatlar olindi.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi texnologik qurilmalarining konfiguratsiyasi aviakerosin ishlab chiqarish hajmini oyiga 8 ming tonnagacha oshirish va kelajakda mahalliy hamda xorijiy aeroportlarga yetkazib berish hajmini ko‘paytirish imkonini beradi.
-Yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biridir, - dedi zavod direktori Habib Latipov.- Mamlakatimiz rahbari tomonidan O‘zbekistonni xalqaro transport markaziga aylantirish bo‘yicha eʼlon qilingan vazifalardan kelib chiqqan holda, korxona yuqori sifatli xomashyoni ishonchli yetkazib beruvchiga aylanishga tayyor. Biz mahalliy aeroportlarga aviakerosinni yetkazib berish geografiyasini yaratishni hamda xalqaro havo kemalariga O‘zbekistonda yuqori sifatli mahalliy yoqilg‘i quyib olish imkonini yaratishni rejalashtirayapmiz.
Hozirgi vaqtda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida yangi turdagi aviatsiya yoqilg‘isini sanoat ishlab chiqarishini taʼminlash ustida ish olib borilmoqda.