Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Fevral/2021   Parlament

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 27-fevral. /“Dunyo” AA/. Juma kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.


 Majlisni parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Norboyeva boshqardi.

Senat Axborot xizmati maʼlum qilishicha, Senat aʼzolari, Vazirlar Mahkamasi mutasaddilari ishtirok etgan mazkur majlisda qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish, ro‘yobga chiqarilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan taʼminlanishini takomillashtirish maqsadida Senat qo‘mitalari tomonidan qator qonunlar ijrosining holati, huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganildi va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring olib borildi. 

Tahlillar ayrim qonunlarda aniq mexanizmlarning aks ettirilmaganligi, havolaki normalarning mavjudligi sababli sohaning asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinib kelinganligi, shuningdek qabul qilingan ayrim qonunlardagi normalarning amaliyotda qo‘llanilmayotganligi sababli qonunlarni bugungi kun talablari asosida qayta ko‘rib chiqish hamda takomillashtirish lozimligini ko‘rsatdi.

Jumladan, “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonunda elektron tijorat sohasidagi qonun hujjatlari tizimlashtirilmagan, mazkur munosabatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga soluvchi norma va munosabatlar yagona qonunga birlashtirilmagan. Elektron tijoratni amalga oshirishda milliy to‘lov tizimlaridan tashqari, xalqaro to‘lov tizimlaridan foydalanish bo‘yicha normalar qonunda o‘z aksini topmagan.

Qolaversa, “Homiylik to‘g‘risida”gi Qonunda homiylik tashkilotlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda faoliyat yuritishini muvofiqlashtirish bo‘yicha normalar belgilanmagan. Homiylik faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari va NNTga imtiyozlar hamda rag‘batlantirish choralarini taqdim etishning hozirgi davr talablariga mos mexanizmlari joriy etilmagan. Yakka tartibda xayriya faoliyati bilan shug‘ullanayotgan jismoniy va yuridik shaxslar faoliyati hamda ularga ajratilgan mablag‘lar sarflanishi haqida ochiq va ishonchli maʼlumotga ega bo‘lish imkoniyati yaratilmagan.

Bundan tashqari, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi Qonunda qaysi holatlarda axborot taqdim etishda cheklovlar o‘rnatilishi aniq belgilanmaganligi sababli axborotning egasi tomonidan zarur axborotni davlat siriga tegishli degan vajlar bilan taqdim etmaslik holatlari uchramoqda. Axborot olish huquqining noqonuniy cheklanishlari yuzasidan shikoyat qilish va shikoyatlarni ko‘rib chiquvchi maxsus davlat organi hamda uning vakolatlariga doir normalar belgilanmagan.

Majlisda qonunlarni ishlab chiqish jarayonida jamoatchilikni keng jalb qilish va turli tushunmovchiliklar kelib chiqmasligi uchun targ‘ibot-tushuntirish ishlarini jadal olib borish zarurligi taʼkidlandi. 

Bundan tashqari, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020 yil 25 avgustdagi “Koronavirus pandemiyasi davrida vujudga kelgan muammolardan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalari to‘g‘risida”gi KQ-119–IV-sonli qarorining ijro etilishi muhokama markazida bo‘ldi.

Qayd etilganidek, Senat Kengashining mazkur qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ijrosini taʼminlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, mahalliy byudjetlarni shakllantirish mexanizmlari, xususiy bandlik agentliklari faoliyati, aholiga ijtimoiy yordam berish sohasidagi davlat siyosati, pensiya taʼminotiga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish, oliy o‘quv yurtlari faoliyatiga dual taʼlim institutini joriy qilishga qaratilgan 5 ta qonun hujjati qabul qilingan.

Favqulodda vaziyatlarda tadbirkorlik uchun ajratilgan kreditlarni subsidiyalash va restrukturizatsiya qilish tartibini, tijorat banklari tomonidan “tayyor biznes” loyihalarini sotish amaliyotini, pandemiya sharoitida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, mamlakatimizda xizmat ko‘rsatish sohasida innovatsion faoliyatni rivojlantirish, migratsiyaga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta farmon va qarorlari qabul qilingan.

Bundan tashqari, masʼuliyati cheklangan hamda qo‘shimcha masʼuliyatli jamiyatlar faoliyatini takomillashtirish, yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, taʼlim sohasiga masofaviy va boshqa zamonaviy o‘qitish shakllarini joriy qilish, pandemiya sharoitida maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya xizmati sifatini yaxshilash, uni zamon talablariga mos tarzda rivojlantirishga qaratilgan 6 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan.

Biroq amalga oshirilgan ishlar bilan birga chora-tadbirlar rejasi ijrosini taʼminlashda ayrim kamchiliklar mavjudligi senatorlar tomonidan taʼkidlandi.

Jumladan, moliya va bank xizmatlarini ko‘rsatishda masofaviy xizmat turlarini rivojlantirish va ularning qonunchilik asoslarini yaratish, tovarlar sotish va xizmatlar ko‘rsatishdagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarni elektron tarzda rasmiylashtirish, elektron shartnomalar tuzish, banklar faoliyatida autsorsing tizimini joriy qilish kabi vazifalar ijrosi taʼminlanmagan. Qolaversa, pandemiya sharoitida Mehnat kodeksini takomillashtirish, ayollarning mehnat huquqlari kafolatlarini taʼminlash maqsadida byudjetdan tashqari korporativ ijtimoiy sug‘urta tizimini joriy etish vazifalari to‘liq amalga oshirilmagan.

Majlisda oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan savdo-iqtisodiy hamkorlik kelishuvlarini amalga oshirishda parlament nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalish va vazifalardan kelib chiqib, shuningdek davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan olib borilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar natijadorligini taʼminlash maqsadida parlament nazorati doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha qabul qilingan savdo-iqtisodiy kelishuvlar ijrosi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishidagi faoliyati bo‘yicha tegishli davlat organlari rahbarlarining axborotlarini eshitish amaliyoti joriy etildi.

Yana bir jihat. Senat Ishchi guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiya va Yaponiyaga rasmiy tashriflari davomida imzolangan investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar rejalari (“yo‘l xaritalari”) ijro etilishi holati yuzasidan o‘rganishlar olib borildi. Natijad ayrim muammolar mavjudligi maʼlum bo‘ldi. 

Jumladan, Turkiya bilan umumiy qiymati 608,3 mln. dollarga teng bo‘lgan 49 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 12 ta loyiha (107 mln. dollar) o‘z vaqtida bajarilmagan, 7 ta loyiha (223 mln. dollar) ijrosi taʼminlanmagan.

Yaponiya bilan umumiy qiymati 4 mlrd. 393 mln. dollar miqdoridagi 40 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 2 mlrd. 577 mln. dollarlik 19 ta loyiha ijrosi muddatidan kechikmoqda, 109 mln. dollarga teng 4 ta loyiha bajarilmagan.

Majlisda ushbu loyihalarni amalga oshirishda qator tizimli muammolar saqlanib qolayotganiga urg‘u berildi. Xususan, oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ning ijrosini qatʼiy nazorat qiluvchi tizim yo‘lga qo‘yilmagan.

Qolaversa, oliy darajadagi tashriflar davomida imzolanishi nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini dastlabki tarzda chuqur va har tomonlama texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish (ekspertizadan o‘tkazish) talab darajasida emas.

Majlisda “yo‘l xaritalari”da belgilangan va hududlarga tegishli bo‘lgan investitsiya loyihalari ijrosini nazorat qilish hamda mavjud muammolarni bartaraf etishda joylardagi senatorlar va mahalliy Kengash deputatlari faollik ko‘rsatishi maqsadga muvofiqligi  taʼkidlandi.

Shuningdek, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha masʼul vazirlik va idoralarga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Mavzuga oid

Senat raisi Turkiya elchisi bilan uchras...

Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva kecha Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olga...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qozog...

MDH Parlamentlararo Assambleyasining 54-yalpi majlisi doirasida O‘zbekiston Oliy Majlisi S...

Oliy Majlis Senati raisi boshchiligidagi...

Kecha Olmaota shahrida (Qozog‘iston) MDHga aʼzo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasining...

So`nggi yangiliklar