27/May/2023 Madaniyat
DELI, 27-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston sirk ustalari Hindistonda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro sirk festivalida ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Festival tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, dunyoning boshqa mamlakatlari qatori Hindistonda ham sirk juda mashhur va ommabop. Biroq ko‘ngilochar tarmoqning boshqa turlari va raqamli sohaning jadal rivoj topayotgani, shuningdek, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq sanitariya-epidemiologik vaziyat ushbu sanʼat turining holatiga taʼsir ko‘rsatdi. Shu bois mamlakatda ushbu qadimiy sanʼat turi rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida sirk ustalari ishtirokida turli tadbirlar tashkil etilmoqda.
Xalqaro festival doirasida mamlakatning Mumbay, Bangalor va boshqa shaharlarida sirk ustalarining rang-barang dasturlari namoyish etildi. Dehlida ham ular to‘rt kun davomida sirk ixlosmandlari va yozgi taʼtilga chiqqan maktab o‘quvchilarini o‘zlarining yorqin chiqishlari bilan mamnun qilmoqda.
Festivalda Hindiston va O‘zbekiston vakillaridan tashqari Efiopiya, Qirg‘iziston va rossiyalik sanʼatkorlar ham ishtirok etmoqda. Sanʼat bayrami tashkilotchilarining asosiy g‘oyasi xalqaro ijodiy hamkorlikni rag‘batlantirish va o‘zaro ilg‘or texnik nou-xaular bilan almashishdan iborat.
Dasturlarda jonglyorlik, bir g‘ildirakli velosiped va xalqalarda mashqlar namoyish qilish, akrobatlar va masxarabozlar chiqishlari kabi anʼanaviy nomerlar bilan bir qatorda, shuningdek, har bir ishtirokchi davlat sirk sanʼatining o‘ziga xos milliy jihatlari o‘rin olgani mahalliy jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.