04/Mart/2021 Jamiyat
MOSKVA, 4 mart. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev Moskvada Rossiya Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) rahbari Anna Popovaga «Mehr-saxovat» ko‘krak nishonini topshirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lum qilishicha, marosim chog‘ida Rospotrebnadzor rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyevga yuksak mukofot uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Pandemiya paytida bir guruh rossiyalik yetakchi mutaxassislar o‘zbekistonlik hamkasblariga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekistonga yuborilgan edi. Rospotrebnadzor, shuningdek, O‘zbekistonga 140 ming dona test to‘plamlarini yubordi. Bu o‘z vaqtida koronavirus infeksiyasini aniqlash va tarqalishining oldini olishga imkon berdi. Bundan tashqari, ushbu tashkilot «SPID infosvyaz» tashkiloti va UNAIDS bilan hamkorlikda mamlakatimizga birlamchi tibbiy-profilaktika, akusherlik, ginekologik, kardiologik va urologik yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan ko‘chma diagnostika majmuasi hamda xavfli infeksiyalarni (OITS, SOVID-19 va boshqalar) tekshirish va aniqlash bo‘yicha xizmatlarni taqdim etdi.
O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 26 maydagi farmoniga muvofiq, koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashishda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga katta hissa qo‘shgan, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashda faol ishtirok etishda o‘rnak bo‘layotgan yurtdoshlarimiz va xorij fuqarolarini taqdirlash maqsadida «Mehr-saxovat» ko‘krak nishoni ta’sis etilgan edi.