27/Yanvar/2023 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
ISLOMOBOD, 27 yanvar. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Pokistonning “TCS” transport-logistika kompaniyasi bilan hamkorlikda «Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligi – Trans-afg‘on savdo yo‘lagi» mavzusidagi davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Qozog‘istonning Pokistondagi elchisi Yerjan Kistafin, Afg‘oniston muvaqqat ishlar vakili Sardar Ahmed Xan Shakib, Afg‘oniston tashqi ishlar, transport va aviatsiya vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi vakillari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston diplomatiya missiyasi xodimlari tomonidan «Termiz – Peshovar» temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Unda ushbu loyihaning Shimol va Janub o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni taʼminlashda nechog‘li muhimligi, uning qisqa muddatlarda foydalanishga topshirilishi ikki mintaqaning iqtisodiy taraqqiyotiga, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi hajmlarining oshishi va madaniy aloqalarning jadallashishiga, eng asosiysi, mintaqalar aholisi farovonligiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
O‘zbekistonning Transafg‘on temir yo‘li va «Surxon – Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasini qurish bo‘yicha loyihalari mintaqa infratuzilmasi integratsiyasida yangi davrni boshlab berishi, Afg‘oniston iqtisodiyotining qayta tiklanishi hamda mintaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilishida muhim strategik ahamiyatga ekani qayd etildi.
Ishtirokchilar ikki mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda iqtisodiy yo‘nalishga ustuvorlik berish, savdo hajmlarini oshirish uchun sharoit yaratishda hamkorlikni yana-da jadallashtirish zarurligini bildirdilar.
Tomonlar o‘rtasida tranzit savdo to‘g‘risida bitimlarning imzolanishi, uch tomonlama multimodal transport-logistika kompaniyasini tuzish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlandi.