Uz / Ўз Ru En

Toshkent

01/Dekabr/2022   TIV yangiliklari

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Varshavada Polshaning rasmiy, ekspert, ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari bilan uchrashdi

VARSHAVA, 1 dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov tashrifi doirasida kecha mamlakatimizning Varshavadagi elchixonasida Polsha parlamenti vakillari, ekspertlar, ishbilarmonlar, akademik va jurnalistlar doiralari, shuningdek, O‘zbekiston-Polsha munosabatlarini rivojlantirish masalalariga jalb etilgan Polshaning vazirlik va idoralari xodimlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.


TIV maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda ishtirokchilarga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmun-mohiyati, konstitutsiyaviy islohot, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida maʼlumot berildi. O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, O‘zbekiston bilan Polsha o‘rtasidagi savdo va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirishning salohiyatli yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi.

Polsha ishbilarmon va rasmiy doiralari vakillari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va tashqi siyosatdagi tub ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi.

“Polsha – Osiyo” Savdo-sanoat palatasi prezidenti, Polsha bosh vazirining sobiq o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri Yanush Pexochinskiy so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanayotganini taʼkidladi.

“Barcha sohalarda, jumladan, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, turizm, taʼlim sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjud, - dedi u. - O‘zbekiston va Polsha Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning asosiy davlatlari hisoblanadi. Ular Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida “ko‘prik” rolini o‘ynashi mumkin. Bugungi kunda Polsha iqtisodiyot bo‘yicha Yevropada 6-o‘rinda, dunyoda 22-o‘rinda. Polsha O‘zbekistondagi taraqqiyot, mamlakat rahbariyati tomonidan xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni katta qiziqish bilan kuzatmoqda.

O‘zbekistonning Poznan shahridagi faxriy konsuli, Varshava boshqaruv universiteti rektori Pavel Charneskiy taʼlim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi darajasini yuqori baholadi.

“Bugun O‘zbekiston butun dunyoga ulkan salohiyatni namoyish etmoqda. Universitetimiz Osiyoda, yaʼni Andijonda o‘z filialini ochgan birinchi Polsha universitetidir. Biz uchinchi yildirki muvaffaqiyatli ishlayapmiz va o‘zbek yoshlarining Yevropa taʼlim tizimiga qiziqishini ko‘rib turibmiz. Biz inson kapitali va taʼlimga sarmoya kiritganimizdan faxrlanamiz. O‘zbekiston yoshlar savodxonligining yuqori darajasini ko‘rsatayotgani mamlakat ertangi kun muvaffaqiyatining kafolatidir”, – deb taʼkidladi Pavel Charneskiy.

Polsha ayollari ligasi boshqaruvi raisi Aldona Mixalyak O‘zbekistonda gender tengligini taʼminlash, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qiziqish bildirdi.

“O‘zbekiston yoshlari mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi hayotiy jarayonlarda faol ishtirok etayotganini alohida taʼkidlamoqchiman, - dedi u. - O‘rta va yuqori lavozimlarga asosan erkin, ijodiy fikrlaydigan yoshlar jalb etilgan. Xotin-qizlar tashkilotlarimiz faol hamkorlik qilmoqda, madaniyat va taʼlim sohalarida gender loyihalari ustida hamkorlikda ishlayapmiz. Xalq diplomatiyasi mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun mustahkam ko‘prikdir”.

Polsha Savdo-sanoat palatasi Xalqaro hamkorlik departamenti direktori Yeji Drojd iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Polsha Hukumatlararo komissiyasining 7-yig‘ilishida (2021-yil 14-aprel) erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish zarurligini maʼlum qildi. Xususan, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari O‘zbekiston-Polsha ishbilarmonlar kengashini tashkil etish masalasi ustida ishlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mexanizmlar Polsha uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qator davlatlar bilan allaqachon ishga tushirilgan va ular katta samara bermoqda.

Yeji Drojd Polsha tomonining 2023 yil may oyida bo‘lib o‘tadigan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishida imzolash uchun investitsiya shartnomalari va eksport shartnomalarining mustahkam to‘plamini tayyorlashdan manfaatdorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Polsha ishbilarmon va ilmiy doiralarining bir qator faol vakillari, ekspert va jurnalistlar O‘zbekiston-Polsha hamkorligini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining diplomlari bilan taqdirlandi.

Mavzuga oid

Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash xalqa...

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkilo...

O‘zbekiston TIV rahbari JIDU bitiruvchil...

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov kecha Jahon iqtisod...

O‘zbekiston Prezidentining Maxsus vakili...

O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev bugun Ros...

So`nggi yangiliklar