01/Dekabr/2022 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 1-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Sidiqov bugun Italiya elchisi Agostino Pinna bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, savdo-iqtisodiy sohadagi O‘zbekiston-Italiya hamkorligining amaliy jihatlari hamda uning mumkin bo‘lgan barcha vositalaridan foydalangan holda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy diplomatiyani chuqurlashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Savdoni rivojlantirish, eksport hajmini oshirish va investitsiyay hamkorligining yangi yo‘llari va imkoniyatlarini qidirib topish bo‘yicha ikki tomonlama saʼy-harakatlarning ahamiyati qayd etildi.
Elchi o‘zbekistonlik hamkorlar bilan biznes aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha Italiya biznesining qiziqishi ortib borayotganini maʼlum qildi.
O‘zbek mahsulotlarini Italiyaga eksport qilish hajmini oshirish uchun, birinchi navbatda, “GSP+” Yevropa Ittifoqi preferensiyalari tizimi doirasida tovarlarni sertifikatlash va standartlashtirish, O‘zbekistonda sanoat tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlash sohasida malaka oshirish va tajriba almashish uchun italiyalik mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.