Uz / Ўз Ru En

Toshkent

05/May/2021   TIV yangiliklari

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida jurnalistlar uchun brifing o‘tkazildi


TOSHKENT, 5-may. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi, matbuot kotibi va TIV rasmiy vakili Yusuf Qobuljonov mahalliy va xorijiy OAV vakillari uchun brifing o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yusuf Qobuljonov Tashqi ishlar vazirligida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan o‘zaro hamkorlikni faollashtirish borasida izchil rejalar ishlab chiqilayotganini maʼlum qildi.

«Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida axborot sohasini rivojlantirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Sizlar bilan uchrashuvimiz ham mazkur islohotlar natijasiga mos keladi», dedi Yu.Qobuljonov.

Brifingda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan  joriy yil yanvar-aprel oylarida bajarilgan keng ko‘lamli ishlar, bo‘lajak tadbirlarga doir maʼlumot jurnalistlar eʼtiboriga havola qilindi.

Jumladan, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston manfaatlarini ilgari surish, o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va respublikaning dunyo miqyosidagi obro‘-eʼtiborini mustahkamlash maqsadida xorijiy sheriklar bilan faol ravishda uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazgani taʼkidlandi. Hisobot davrida vazirlik delegatsiyalarining xorijiy davlatlarga 28 ta tashrifi tashkil etilgan. Xorijiy davlatlardan kelgan 26 ta delegatsiya vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan, videokonferensiya va telefon orqali muloqot shakllariida 25 ta muzokara uyushtirilgan.

Ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish doirasida Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashi, «Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni» forumi yig‘ilishlarida, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH tashqi siyosat idoralari rahbarlarining “S5+1” shaklidagi uchrashuvida ishtirok etdi.

Belarus, Jazoir, Latviya, Polsha, Portugaliya, Rossiya, Fransiya, Xitoy, Shvetsiya, Eron va Qatar tashqi siyosat mahkamalari bilan maslahatlashuvlarning navbatdagi davralari o‘tkazildi.

BMTning Bolalar fondi (YUNISEF) va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda COVAX mexanizmi doirasida respublikaga 660 ming doza hajmidagi COVID-19ga qarshi vaksinaning olib kelinishi masalasi ishlab chiqildi.

 Qayd etilishicha, xalqaro hamkorlikning normativ-huquqiy bazasini kengaytirish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, joriy yil yanvar-aprel oylarida vazirlik ishtirokida 56 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan. Shu kunga qadar 5 ta ikki va 3 ta ko‘ptomonlama hujjat kuchga kirdi.

- Faol iqtisodiy diplomatiyani amalga oshirish vazirlik va diplomatiya vakolatxonalarimiz faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, - dedi Yu.Qobuljonov. - Vazirlik va barcha diplomatiya vakolatxonalarining faol saʼy-harakatlari sohaga aloqador, mintaqaviy korxonalarning yaqin hamkorligi samarasi o‘laroq, umumiy qiymati 314,5 million dollarga teng 367 ta yangi eksport shartnomasi imzolandi. Natijada hisobot davridagi eksport hajmi 2020 yilning ayni davriga nisbatan 32 foizga o‘sib, 2 milliard 250 million dollarni tashkil etdi.

Brifingda eksport nomenklaturasi va geografiyasini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida 10 apreldan boshlab O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqining“GSP+” tizimi benefitsiar davlati maqomi berilganiga alohida eʼtibor qaratildi. Mamlakatimizning Jahon savdo tashkiloti safiga qo‘shilishi borasida faol ishlar olib borilayotgani  maʼlum qilindi.

Jumladan, transport yo‘laklari, Janubiy Osiyodagi yangi bozorlar va dengiz portlarga chiqish yo‘llarini diversifikatsiya qilish doirasida «Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» transafg‘on temir yo‘li loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Taʼkidlanishicha, konsullik-huquqiy yo‘nalish bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirildi.  6 ming 673 nafar O‘zbekiston fuqarosiga xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirilgan. Xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan 1 ming 934 nafar O‘zbekiston fuqarosiga ko‘mak, xususan, konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatildi. Xorijdagi 884 nafar fuqaro moliyaviy yordam olgan.

Vazirlik tomonidan xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni o‘rnatish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan muhim sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularning imkoniyatlarini jalb qilish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish imkoniyatiga ega 484 nafar vatandoshlarimizni o‘z ichiga olgan «Oltin daftar» shakllantirildi.

 Tadbir chog‘ida tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatiya vakolatxonalariga fuqarolardan 68 ming 296 ta murojaat kelib tushgani maʼlum qilindi. Taʼkidlanganidek, ularning hech biri eʼtibordan chetda qolmagan. Shu bilan birga, 30 mingdan ziyod chet el fuqarosi uchun mamlakatimizga kirish vizalari rasmiylashtirilgan.

Brifing yakunida Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollarga javob berdi.  

Mavzuga oid

Buyuk Britaniya elchisi va BMT doimiy ko...

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun Buyuk Britaniya elchisi Timoti To...

O‘zbekiston va Shvetsiya tashqi ishlar v...

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun Shvetsiya Qirolligi...

Tashqi ishlar vazirligi va uning tarkibi...

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi markaziy apparati va Tashqi ishlar vazirligi huzuridag...

So`nggi yangiliklar