Uz / Ўз Ru En

Toshkent

07/Fevral/2020   Siyosat

O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi


TOShKENT, 6 fevral. / “Dunyo” AA. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida "O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga murojaati mazmunida O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari" mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir Xalqaro aloqalar bo‘yicha axborot-tahlil markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Taraqqiyot strategiyasi markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari,  ekspertlari ishtirok etdi. 

Maruzachilar Murojaatnomada mamlakatni modernizatsiya qilishning strategik vazifalarini hal etishga qaratilgan demokratik o‘zgarishlar va tarkibiy islohotlarning keng dasturini amalga oshirishning muhim masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

Hozirgi kunda milliy manfaatlarimizga javob beradigan ochiq, pragmatik va puxta o‘ylangan tashqi siyosatni amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalar belgilangan. O‘zbekiston yaqin va uzoq xorijning barcha mamlakatlari bilan hamkorlikni izchil kengaytirish tarafdori bo‘lib qolmoqda.

2019 yilning o‘zida davlatimiz rahbari 18 ta tashriflarni amalga oshirdi. Oliy va yuqori darajadagi tadbirlar doirasida 122 ta ikki tomonlama hujjat, jumladan, to‘rtta davlatlararo bitim, 31 ta hukumatlararo va 52 ta idoralararo shartnoma, shuningdek, institutlar va mintaqalar o‘rtasidagi 35 ta boshqa hujjat imzolandi.

2020 yilda MDHning qator mamlakatlari, Markaziy Osiyo, Yevropa Ittifoqi va Osiyo davlatlari rahbarlari bilan eng yuqori darajada ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi kutilmoqda.

Ekspertlar tashqi iqtisodiy siyosatning asosiy maqsadlari - keng ko‘lamli islohotlar va jadal modernizatsiya jarayonlari uchun qulay shart-sharoit yaratish, O‘zbekiston fuqarolari manfaatlari va huquqlarini ta'minlash, xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimida mamlakat o‘rni va rolini mustahkamlash, davlatning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e'tibori va imijini ko‘tarishdan iborat ekanini alohida ta'kidladi.

Davlat rahbari O‘zbekiston tashqi siyosatining tamal toshi sifatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan ishonchli va do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashni belgilab berdi. Bu ongli tanlov Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan mamlakatimiz mintaqada barqarorlik, izchil rivojlanish va yaxshi qo‘shnichilik zonasini yaratishdan bevosita manfaatdor ekanligi bilan bog‘liq. Shu nuqtai nazardan 2019 yildagi asosiy tashqi siyosat tadbiri Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 29 noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahatlashuv uchrashuvi o‘tkazilishi bo‘ldi.

Tadbir ishtirokchilari Rossiya, Xitoy, AQSh, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropa Ittifoqi va Osiyo davlatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va kommunikatsiya, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildi. 

Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMT, YeXHT, MDH, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi doirasida ko‘p tomonlama diplomatiya va o‘zaro hamkorlik salohiyatining o‘sib borishiga alohida e'tibor qaratildi. Bu yil mamlakatimizning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raislik qilishining tarixiy ahamiyati ta'kidlandi.

So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston iqtisodiy diplomatiyasini tubdan o‘zgartirish muhimligini ta'kidladi. Shu munosabat bilan respublika iqtisodiy salohiyatini to‘la-to‘kis amalga oshirish, eksportni rag‘batlantirish, xorijiy investitsiya va texnologiyalarni jalb etishda xorijiy davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, mamlakatning transport-logistika holatini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

Umuman olganda, bunday soha ekspertlari, professorlar ishtirokidagi ochiq “davra suhbat”larining tashkil etilishi, mamlakatdagi muammo va kamchiliklar tanqidiy tahlil etilishi va unga yechimlar izlash O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida qo‘yilgan maqsad va vazifalarga erishishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidenti: Maqsadimiz bitta...

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida navbatdagi videoselektor yig‘ilishi o‘...

Qirg‘iziston Jogorku Keneshiga saylovlar...

Qirg‘iziston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sadir Japarov Jogorku Keneshi tomonidan qabu...

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari...

​O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Qozog‘iston Respublikas...

So`nggi yangiliklar