04/Dekabr/2022 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 4-dekabr. /Dunyo» AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 2 dekabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri hamkasbini YEXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 29-yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tgani, shuningdek, Polshaning tashkilotga raisligi munosib yakunlangani bilan tabrikladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Polsha munosabatlarining dolzarb masalalari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. 2023 yilda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Polsha hukumatlararo komissiyasining 8-majlisini tashkil etishdan manfaatdorlik bildirildi.
Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim masalalari ham ko‘rib chiqildi.