06/Dekabr/2022 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 6 dekabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Polsha elchisi Radoslav Grukni qabul qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston-Polsha ko‘p qirrali hamkorligiga oid keng ko‘lamli masalalar tahlil qilindi.
Vladimir Norov YEXHTga Polsha raisligiga va joriy yilning 1-2 dekabr kunlari Lodz shahrida bo‘lib o‘tgan tashkilot Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi yakunlariga yuqori baho berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining 30 noyabr – 3 dekabr kunlari Polshaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish va ishbilarmon doiralar vakillari uchun o‘zaro asosda qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Shu nuqtayi nazardan, Polshada ishlayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar duch kelayotgan aniq muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda migratsiya sohasidagi aloqalarni kengaytirish, bu borada qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Anvar Ilyosov olgan surat (“Dunyo” AA)