08/Sentabr/2021 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 8 centyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘oniston bo‘yicha videokonferensaloqa shaklidagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, AQSH davlat departamenti va Germaniya tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan yig‘ilishda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatining tashqi siyosiy idoralari rahbarlari hamda BMT, Yevropa Ittifoqi va NATO vakillari qatnashdi.
Tadbirda Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston inqirozini hal qilish bo‘yicha saʼy-harakatlarni birlashtirish va mamlakat aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.
Asosiy inson huquq va erkinliklariga rioya qilish, xususan, ayollar va milliy ozchiliklar huquqlarini taʼminlash, Afg‘oniston hududida terroristik tashkilotlar faoliyat yuritishini oldini olish borasidagi Tolibonning majburiyatlarini bajarishi muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘z nutqida Afg‘oniston uchun mojarolardan keyingi strategiyani ishlab chiqish, jumladan, uning iqtisodiyotini tiklash, mamlakatning mintaqaviy integratsion jarayonlarga jalb qilish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish zarurligiga eʼtibor qaratdi.