28/Noyabr/2022 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Sidiqov bugun Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oreliya Bushez bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy sohadagi O‘zbekiston-Fransiya hamkorligining amaliy jihatlari va ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy diplomatiyani chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Oreliya Bushez O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 21-22 noyabr kunlari Fransiyaga amalga oshirgan tarixiy tashrifi yakunlarini, ayniqsa, savdo kelishuvlari va investitsiya loyihalariga yuksak baho berdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha imzolangan barcha iqtisodiy hujjatlarning o‘z vaqtida bajarilishi monitoringini taʼminlash maqsadida Tashqi ishlar vazirligi va elchixonasi o‘rtasida muntazam qo‘shma muloqot o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston mahsulotlarini Fransiyaga eksport qilish hajmini oshirish, birinchi navbatda, Yevropa Ittifoqining GSP+ imtiyozlar tizimi, tovarlarni sertifikatlash va standartlashtirish doirasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonda sanoat tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va tajriba almashish uchun Fransiya mutaxassislarini jalb etish muhimligini qayd etdilar.
Anvar Ilyosov olgan surat (“Dunyo” AA).