Uz / Ўз Ru En

Toshkent

02/Mart/2021   Iqtisodiy diplomatiya

O‘zbekiston transport infratuzilmasini rivojlantirish va uni xalqaro transport tizimiga integratsiyalashuviga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirmoqda


TOSHKENT, 2-mart. /“Dunyo” AA/. Bugun Toshkent shahridagi «HYATT Regency» mehmonxonasida “O‘zbekiston Respublikasining transport diplomatiyasi: mintaqaviy hamkorlikning xalqaro huquqiy asoslari” mavzusida "davra suhbati" bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbirlari Muzaffar Komilov va Anvar Ilyosov (foto).

Tadbirda mamlakatimizning vazirlik va idoralari, akademik va ishbilarmon doiralari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

“Davra suhbati” O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi va Konrad Adenauer (Germaniya) jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjuman ishtirokchilari yuk tashish sohasidagi mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati, sohada mavjud muammolar hamda ularni hal etish yo‘llarini muhokama qildi.

Xalqaro yuk tashish jarayonida qog‘ozsiz tizimni joriy qilishning afzalliklari haqida so‘z yuritildi. O‘zbekiston bu kabi tizimni amaliyotga tadbiq etishda Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida ilg‘orlik qilayotgani qayd etildi.

Ishtirokchilar yangi transport va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha qonunchilik bazasini takomillashtirish va xalqaro kelishuvlarni amalga oshirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy mamlakatlarga tashish uchun qulay shart-sharoit yaratish masalalari bo‘yicha fikr almashdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev “davra suhbati” ishtirokchilari eʼtiborini respublika rahbariyati tomonidan transportni rivojlantirish, sohani takomillashtirish, transport infratuzilmasini milliy va xalqaro darajalarda modernizatsiyalash, O‘zbekistonning tranzit salohiyatini oshirish va xalqaro transport tizimiga integratsiyalashuv borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarga qaratdi. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashabbuslar, xususan, BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish bo‘yicha taklifga alohida urg‘u berildi.

Bundan tashqari, anjuman ishtirokchilariga Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan transafg‘on transport koridorini yaratish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar to‘g‘risida maʼlumot taqdim etildi.

O‘zbekiston transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek Choriyev bugungi kunda mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha sohalarini jadal rivojlantirishga, ayniqsa, transport-kommunikatsiya sohasini rivojlantirishga katta eʼtibor berilayotganini taʼkidladi.

2020 yilda umumiy yuk tashish hajmi 1,3 milliard tonna (o‘tgan yilga nisbatan 104,6% o‘sdi), yuk aylanmasi esa 40,1 milliard tonna/km (101,8%) ni tashkil etdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda transport tarmog‘i yalpi ichki mahsulotning 6,4 foizini, jami investitsiyalarning 7,4 foizini, xizmatlar bozorining 29,5 foizini tashkil etmoqda.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2020 yilda yuk tashish umumiy hajmi o‘tgan yilga nisbatan 7 foizga o‘sgan, dedi Jasurbek Choriyev.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Shartnoma-huquq boshqarmasi boshlig‘i Komil Rashidov O‘zbekistonda transport va logistika markazlarining keng tarmog‘i mavjudligini taʼkidladi. Biroq, afsuski, mamlakatdagi barcha terminallar ham zamonaviy talablarga javob bermaydi. Bozor talablari bugungi kunda savdo va transport infratuzilmasini doimiy ravishda takomillashtirish zarurligini taqozo etmoqda. Shu sababli mamlakatda eksport-import yuklarini saqlash, qayta ishlash va tarqatish uchun zamonaviy ombor majmualarini yaratish jarayoni doimiy ravishda olib borilmoqda. Yangi ombor terminallari barcha ichki yuk oqimlariga, shuningdek respublikadan tranzit orqali o‘tadigan yuklarga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Bugun barpo etilayotgan “quruqlikdagi port” vazifalarini bajaradigan transport-logistika markazlari xalqaro transport oqimlarini optimallashtirishda hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Mavzuga oid

MDHga a’zo davlatlar Savdo-sanoat palata...

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida MDHga a’zo davlatlar Savdo-sanoat palatalari rahbarlar...

Pokistonga to‘qimachilik, meva-sabzavot ...

Jizzax viloyati hokimligi rahbariyati, «Jizzakh Textile» kompaniyasi mutasaddilari va Poki...

Samarqand viloyatida Janubiy Koreya sarm...

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Samarqand viloyati va...

So`nggi yangiliklar