Uz / Ўз Ru En

Toshkent

02/Avgust/2020   Siyosat

O‘zbekiston va Afg‘oniston Prezidentlari iqtisodiy, energetika, transport va kommunikatsiya sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari va mintaqaviy kun tartibining muhim jihatlarini muhokama qildilar


TOSHKENT, 2-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani bilan telefon orqali suhbatlashdi, deb xabar bermoqda, “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, lavlat rahbarlari suhbat avvalida muqaddas Qurbon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tiladilar.

Keyingi yillarda mustahkam do‘stlik va anʼanaviy yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga, tarix, anʼana va urf-odatlar mushtarakligiga asoslangan O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Telefon orqali suhbatda ikki tomonlama hamkorlik, avvalo, iqtisodiyot, energetika va transport-kommunikatsiya sohalaridagi amaliy sheriklikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Mintaqaviy ahamiyatga molik eng muhim masalalar yuzasidan ham batafsil fikr almashildi.

Davlat rahbarlari ikkala mamlakatda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va epidemiologik vaziyatni nazorat qilish borasida ko‘rilayotgan qatʼiy chora-tadbirlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

Pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar surʼatini saqlab qolish muhimligi qayd etildi.

Prezidentlar Afg‘onistonning barqaror taraqqiyotiga, mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etishiga xizmat qiladigan ustuvor infratuzilma va investitsiya loyihalarini ilgari surish borasidagi saʼy-harakatlarni faollashtirishga muhim eʼtibor qaratdilar.

Bular chegaraoldi hududlarda zamonaviy savdo-logistika infratuzilmasini yaratish, “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish liniyasini barpo etishdek yirik loyihalarni amalga oshirish va Afg‘oniston hududida samarali transport yo‘laklarini tashkil etish, jumladan, xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlar imkoniyatlarini faol jalb qilishni nazarda tutadi.

Taʼlim va madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish davom ettiriladi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston rahbarlari afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan yechish masalalarini ko‘rib chiqdilar hamda afg‘onlar o‘rtasida o‘zaro muzokaralarni tez fursatda boshlash bo‘yicha olib borilayotgan harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatladilar.

Prezident Ashraf G‘ani 2018 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan hamda natijalari afg‘on inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal etishda salmoqli siljishga erishish imkonini bergan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasining tarixiy rolini alohida qayd etdi.

Muloqot yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat va butun Markaziy Osiyo mintaqasi manfaatlari yo‘lida ko‘p qirrali sheriklikni yana-da kengaytirish borasida qatʼiy ekanliklarini taʼkidladilar.

Suhbat har doimgidek ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.

Mavzuga oid

Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutini ta...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Prezidenti nomiga samimiy qu...

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tug‘ilgan kuni munosabati bilan xorijiy davlatlar, hukuma...

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining...

Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlar doirasida muloqotni kengaytirishga ta...

So`nggi yangiliklar