20/Oktabr/2022 Hamkorlik
TOSHKENT, 20-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov AQSH savdo vazirining o‘rinbosari Maris Lago boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Energetika vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, tomonlar mamlakat energetika sohasini isloh qilish, xususan, energetika obyektlarini xususiylashtirish, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish rejalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston tomoni “yashil” energetikani rivojlantirish va uglerod neytralligiga erishish rejalarini taqdim etdi. 2030 yilga borib mamlakat elektr energiyasining kamida 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, jumladan, 7 GVt quyosh va 5 GVt shamol energiyasidan ishlab chiqarishni maqsad qilgan.
Gidroenergetikani rivojlantirish uchun 142 ta potensial obyektlar o‘rganilib, 54 ta loyiha belgilandi. Shuningdek, quvvati 500 kVt gacha bo‘lgan mikro GESlar qurish bo‘yicha 200 ta loyiha amalga oshiriladi.
Energetika vazirligi AQSH kompaniyalarining OTB, XMK, YETTB kabi nufuzli xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magida o‘tkaziladigan elektr energiyasini ishlab chiqarish loyihalari bo‘yicha tenderlarda faol ishtirokini eʼtirof etdi.
Tomonlar, shuningdek, AQSH ijobiy tajriba to‘plagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.
AQSH kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani «Air Products» loyihalari misolida qayd etildi. Bundan tashqari, “GE”, “Schlumberger”, «Honeywell UOP» kabi kompaniyalar bilan hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Yirik energetika loyihalari uchun maslahat xizmatlari «DeGolyer & MacNaughton» va “SA” konsalting kompaniyalari tomonidan taqdim etiladi.
Tomonlar hamkorlikni yana-da rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganish va mutaxassislar darajasida doimiy aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.