27/Yanvar/2023 Ta'lim
TOSHKENT, 26-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov kecha AQSH elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda ikki davlat universitetlari o‘rtasida hamkorlik, talabalar, doktorantlar va tadqiqotchilar almashinuv dasturlari, ingliz tilini qo‘llab-quvvatlash kabi loyihalar doirasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekistonda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida AQSH tomoniga batafsil maʼlumot berdi. O‘zbekistonda oliy taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan dasturlarni joriy etish, kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan hamkorlikka yana-da ko‘proq eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi, energetika va muqobil energiya manbalari, mashinasozlik, arxitektura va qurilish, to‘qimachilik va kimyo sanoati texnologiyalari, tibbiyot va farmatsevtika, shuningdek, matematika, fizika, ximiya, biologiya va geologiya fanlarini o‘qitishga alohida urg‘ulandi.
Professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, ingliz tilini o‘qitish, shuningdek, respublika oliy taʼlim muassasalariga maʼruza o‘qish, seminarlar va mahorat darslarini o‘tkazish maqsadida amerikalik mutaxassislarni jalb qilish hamda mamlakatimizda AQSH universitetlari filiallarini ochish O‘zbekiston tomoni uchun manfaatli ekanligi qayd etildi.
Tomonlar qo‘shma taʼlim dasturlarini (Double-degree Program) yaratish, amerikalik mutaxassislarni respublika oliy taʼlim muassasalariga jalb qilgan holda qisqa va uzoq muddatli maʼruzalar, mahorat darslarini tashkil etish orqali hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
O‘z navbatida, elchi Jonatan Xenik O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida taʼlim sohasidagi ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganligini taʼkidlab o‘tdi va kelgusida aloqalar yana-da yuqori darajaga ko‘tarilishiga umid bildirdi.
AQSH dipmissiyasi rahbari Xalqaro taʼlim bo‘yicha Amerika kengashlari (ACIE) tomonidan Markaziy Osiyo universitetlari hamkorligi dasturi (UniCEN), O‘qituvchilar malakasini oshirish dasturi (Faculty Enrichment Program – FEP) hamda Ingliz tili stipendiyasi dasturi (English Language Fellow Program – EL Fellow) respublika oliy taʼlim muassasalari ishtirokida amalga oshirilayotganligini hamda kelgusida ushbu dasturlar hamkorlik aloqalarini rivojlanishiga yana bir turtki bo‘lishini taʼkidlab o‘tdi.
Uchrashuvda joriy yilning oktyabr oyida mamlakatimizda O‘zbekiston va AQSH oliy taʼlim muassasalari ishtirokida forum yoki konferensiya o‘tkazish taklifi ilgari surildi.