05/Mart/2021 Sayyohlik
DEHLI, 5 mart. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizga xorijiy sayyohlar oqimini oshirish, turizm salohiyatidan keng foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida respublikamizning Hindistondagi elchixonasida «Concord Travels & Tours» kompaniyasi rahbari Xarish Matxur bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston turizm salohiyati, xususan, bugungi kunda mazkur sohada xorijiy hamkorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida ma'lumot berildi.
Joriy yil 5 mart kunidan boshlab «Toshkent-Dehli-Toshkent» yo‘nalishida aviaqatnovlarning haftasiga 2 marotabadan tashkil etilgani mamlakatlar o‘rtasida sayyohlar oqimining yanada faollashuviga xizmat qilishi e'tirof etildi.
«Concord Travels & Tours» kompaniyasi rahbari pandemiya davrida turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash borasida respublikamizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga ijobiy baho berib, hindistonlik sayyohlar uchun O‘zbekiston yo‘nalishi so‘nggi yillarda yangidan kashf qilingan yo‘nalish ekanini ta'kidladi. Bu yo‘nalishda hind kompaniyasi O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikka tayyor ekanligi bildirildi.