Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Yanvar/2023   Ta'lim

O‘zbekiston va Ispaniya oliy taʼlim muassasalari konchilik, energetika va materialshunoslik yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi

TOSHKENT, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti (NDKTU) va Ispaniyaning Ovyedo universiteti (OU) vakillari o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Shuhrat Aliqulov, Ispaniya tomonidan Ovyedo universitetining xalqaro aloqalar masalalari bo‘yicha prorektori Xesus Daniel Santos Rodriges va “GEDEPSA” kompaniyasining bosh direktori Alexandro Pastrana Molero ishtirok etdi.      

Uchrashuv avvalida Shuhrat Aliqulov ispan vakillarini Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining faoliyati, xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalari, universitetda joriy qilingan taʼlim jarayonlari bilan tanishtirdi.

U chet ellarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan qo‘shma talim dasturlari va ilmiy loyihalar hayotga tadbiq etilayotgani, shuningdek, taʼlim jarayoniga ilg‘or pedagogik va masofaviy taʼlim texnologiyalari, ilm-fan va texnikaning yangi muvaffaqiyatlarini joriy etish maqsadida bir qator turdosh xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini maʼlum qildi. Shu o‘rinda universitet delegatsiyasining
2022 yil dekabr oyida Ispaniyaga amalga oshirgan safari chog‘ida Madrid Politexnika universiteti rahbariyati bilan muzokaralar olib borilgani va ikki oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolangani qayd etildi.

Shuhrat Aliqulov Ispaniyaning Ovyedo universiteti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni joriy qilishdan ham manfaatdor ekanligini bildirdi.

O‘z navbatida, Ovyedo universitetining xalqaro aloqalar masalalari bo‘yicha prorektori Xesus Daniel Santos Rodriges Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti faoliyati haqidagi maʼlumotlar uchun minnatdorlik bildirar ekan, O‘zbektiston universiteti bilan yaqin aloqalarni o‘rnatishga tayyor ekanligini aytdi.  

Uchrashuv so‘ngida konchilik, energetika va materialshunoslik yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

 Maʼlumot uchun: Ovyedo universitetiga 1574 yilda asos solingan. U 1608 yildan eʼtiboran o‘z faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘ygan  davlat tasarrufidagi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Mazkur oliy taʼlim muassasasi Ispaniyaning 30 ta eng nufuzli universitetlari qatoridan o‘rin olgan bo‘lib, dunyodagi eng yetakchi universitelaridan biridir. Hozirgi kunda universitetda 25 ming nafardan ortiq talaba tahsio olmoqda, ularning 800 nafari xorijiy mamlakatlar vakillaridir.

Mavzuga oid

Xokkaydo universitetining Nobel mukofoti...

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov amaliy tashrif bilan Xokkayd...

Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillash...

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillasht...

Germaniya kompaniyasi O‘zbekiston hududi...

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi tarkibida Germaniyaga safar qilgan mamlakatimiz innov...

So`nggi yangiliklar