Uz / Ўз Ru En

Toshkent

29/Iyul/2021   Siyosat

O‘zbekiston va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirlari Seulda ikki tomonlama maxsus strategik sheriklikni chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qiladi


TOSHKЕNT, 29 iyul. /«Dunyo» AA/. Bugun  O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiyaning Koreya Respublikasiga amaliy tashrifi boshlandi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tashrif dasturida Tashqi ishlar vazirligi, parlament, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Yashil o‘sish global instituti (GGGI), boshqa idoralarda uchrashuvlar va muzokaralar, shuningdek, Inchhon shahridagi Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes markazi faoliyati bilan tanishuv ko‘zda tutilgan.
 Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro hamkorlikning keng ko‘lamli kun tartibini, shuningdek, bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlarni muhokama qilish ham rejalashtirilgan.
O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasidan ma’lum qilinishicha, kecha elchi Vitaliy Fen Seulda Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirligi protokolining boshlig‘i Yu Jong Xyon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Koreya Respublikasiga amaliy tashrifining protokol masalalari muhokama qilindi, shuningdek, joriy yilda turli darajadagi qo‘shma tadbirlarni tashkil etish jadvali yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Pandemiya sharoitiga qaramay, oliy va yuqori darajadagi faol muloqotni davom ettirayotgani ta’kidlandi. Ikki tomonlama munosabatlardagi asosiy tadbir 28 yanvar kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning birinchi onlayn-sammiti bo‘lib, mazkur uchrashuv o‘zaro hamkorlikning bugungi holatini har tomonlama tahlil qilish imkonini hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi maxsus strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab berdi.


Davlat rahbarlari tomonidan erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘laqonli amalga oshirish maqsadida 29 mart kuni ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari Abdulaziz Komilov va Chon Iy Yon o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Samimiy va do‘stona ruhdagi suhbat chog‘ida vazirlar ikki va ko‘p tomonlama keng ko‘lamli masalalar yuzasidan fikr almashdi.
- Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Seulga tashrifi samarali bo‘lishiga, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga hissa qo‘shishiga ishonchim komil, - dedi Janubiy koreyalik diplomat. - 2005-2007 yillarda Janubiy Koreyaning Toshkentdagi elchixonasida maslahatchi bo‘lib ishlagan davrimni doimo mamnuniyat bilan eslayman. O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, bag‘rikengligi va samimiyligi menda katta taassurot qoldirgan.
Muzokaralar yakunida Yu Jong Xyon tashqi ishlar vazirligi protokoli rahbari sifatida Seul va Toshkent o‘rtasidagi maxsus strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shish uchun barcha say’-harakatlarni  safarbar etishga hozir ekanini bildirdi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Afg‘oniston Prezidentlari...

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston Islom Respubl...

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbo...

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov videokonferensalo...

O‘zbekiston Prezidenti Farg‘onada quril...

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifining ikkinchi kunida Farg‘ona sha...

So`nggi yangiliklar