28/May/2022 Ilm-fan
KUALA-LUMPUR, 28 may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“O‘zbekkosmos”) bosh direktori vazifasini bajaruvchi Shuhrat Qodirov va Malayziya kosmik agentligi bosh direktori Azlikamil Napia o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Malayziya vakili O‘zbekistonda kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar, jumladan “O‘zbekkosmos” agentligining asosiy vazifalari bilan tanishtirildi.
Tomonlar kosmik monitoringni amalga oshirish, sunʼiy yo‘ldosh apparatlari orqali yerni masofadan zondlash, kosmik va geoaxborot texnologiyalari yordamida iqtisodiyot tarmoqlari hamda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan dasturlarni qo‘llash yo‘nalishlarida tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lgan qo‘yish masalalarini muhokama qildi.
Kosmik tarmoqni rivojlantirish sohasidagi Malayziya qonunchiligini o‘rganishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv natijasida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzish, hamkorlik Memorandumini ishlab chiqish va imzolash, shuningdek o‘zaro tashriflarni amalga oshirish kabi qator kelishuvlarga erishildi.