04/Iyun/2020 Ilm-fan
KUALA-LUMPUR, 4 iyun. / “Dunyo” AA/. Urganch shahrida Binary xalqaro universitetini ochishga oid uch tomonlama bitimni imzolash marosimi onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov, Xorazm viloyati xokimi Farhod Ermonov hamda Binary universiteti asoschisi va rektori Jozef Adaykalam ishtirok etdi.
1984 yilda tashkil etilgan Binary xususiy universiteti Malayziyaning yuqori tajribali amaliyotga alohida eʼtibor qaratgan holda biznes boshqaruvi, axborot texnologiyalari hamda menejment sohalarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi universitetlardan biri hisoblanadi.
Universitetning o‘quv dasturlari Buyuk Britaniya universitetlari uyushmasi, Fransiya universitetlari xalqaro assotsiatsiyasi hamda Malayziya malaka idorasi tomonidan eʼtirof etilgan.
Ushbu oliy bilim maskani Xorazm viloyatidagi birinchi to‘laqonli xorijiy universitet bo‘lib, uning ochilishi 2020-2021 o‘quv yiliga mo‘ljallangan.
Darslar menejment, buxgalteriya va AKT bo‘yicha bakalavr va magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qitiladi. 2020 yil 240 nafar talabani qabul qilish rejalashtirilgan.
Malayziya vakillari O‘zbekiston “taʼlim xabi”ga aylanayotganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, universitet faoliyatini respublika hududida kengaytirilishi taʼlim sohasidagi imkoniyatlar eshigini keng ochib beradi.