12/Mart/2022 TIV yangiliklari
TOSHKЕNT, 12-mart. /«Dunyo» AA/. Kecha Antaliya shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Qatar Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon bin Jasim Ol Soniy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Qatar munosabatlarining siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xalqaro tuzilmalar doirasida tomonlarning o‘zaro hamkorligi yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston va Qatar Afg‘onistonda tinchlikni mustahkamlash va uning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga tayyor ekani tasdiqlandi.