25/Yanvar/2023 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 25-yanvar. /“Dunyo” AA/. Bugun Bishkek shahrida O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy bazasini inventarizatsiya qilish va takomillashtirish bo‘yicha navbatdagi Tashqi ishlar vazirliklariaro maslahatlashuvlar yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
24-25 yanvar kunlari tomonlar amaldagi shartnomaviy-huquqiy bazaning bugungi holati hamda tomonlarni qiziqtirgan sohalarda o‘zaro hamkorlikning huquqiy asoslarini yangilash va kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda ekspertlar ikki davlatning xalqaro norma ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish tajribasiga, jumladan, xalqaro huquqni izchil rivojlantirish va kodifikatsiyalash masalalariga ham eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, xalqaro shartnomalarni nashr etish, ularni yagona elektron hisobga olish va arxivlashni yuritish tartibi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Maslahatlashuv yakunlari bo‘yicha Protokol imzolandi.
Maslahatlashuvlar 2022 yil 3 noyabr kuni Bishkek shahrida imzolangan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish doirasida bo‘lib o‘tdi.