13/May/2021 Prezident
O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari telefon orqali muloqotda Ramazon hayiti bilan bir-birlarini tabrikladilar va muhim masalalarni muhokama qildilar
TOSHKЕNT, 13 may. /«Dunyo» AA/. Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Qozog‘iston Prezident Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri
Davlatimiz rahbari Matbuot xizmati manbasiga ko‘ra, prezidentlar Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligi yuqori sur’atda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yilning birinchi choragida tovar ayirboshlash 28 foizga ko‘paydi, sanoat kooperatsiyasi dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, transport va logistika sohasida yirik loyihalar tayyorlanmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuv kengayib bormoqda.
Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni ta’minlash va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, shuningdek, ikki tomonlama uchrashuvlar va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.