25/Mart/2023 Ta'lim
YEKATERINBURG, 25-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulligi ko‘magida Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti (International Agrar University-IAU) rektori Munira Aminova va Janubiy Ural davlat agrar universiteti (JUDAU) rektori Svetlana Cherepuxina o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilayapti “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot avvalida oliy taʼlim muasasalari faoliyati to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazildi.
JUDAU qishloq xo‘jaligi sohasida, xususan veterinariya yo‘nalishida malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha 90 yillik tajribaga ega ekani qayd etildi.
IAU rahbariyati tomonidan o‘zbekistonlik fermerlar uchun tashkil etilishi rejalashtirilgan seminarda JUDAUning malakali o‘qituvchilarini jalb etish, shuningdek, parrandachilik sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdorlik bildirildi.
Tomonlar o‘zaro aloqalarni mustahkamlash maqsadida Hamkorlik memorandumi loyihasini ishlab chiqish va uni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasi davomida imzolash masalalari xususida ham fikr almashdilar.
Uchrashuv nihoyasida keyingi bosqich sifatida ilmiy masalalar bo‘yicha prorektorlar va kafedra mudirlari darajasida uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib olindi.