Uz / Ўз Ru En

Toshkent

22/Sentabr/2020   Iqtisodiy diplomatiya

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda


AR-RIYoD. 22 sentyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida ushbu mamlakatning SALIC (Saudi Arabian Livestock Investment Company) kompaniyasi ijrochi direktori Sulaymon Al-Rumayh bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida mamlakatimizning agrar yo‘nalishdagi salohiyati, xorijiy investorlarga yaratilayotgan sharoit, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi global miqyosda muhim ahamiyat kasb etayotgani atroflicha muhokama qilindi.

SALIC kompaniyasining asosiy maqsadi Saudiya Arabistonining oziq-ovqat xavfsizligi, xususan, bug‘doy, arpa, makkajo‘xori, soya, guruch, shakar, o‘simlik moyi, yashil ozuqa, go‘sht, parrandachilik va sut mahsulotlari hamda baliqchilik kabi birlamchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga yordamlashishdir. Kompaniya mazkur turdagi mahsulotlarni xorijda ekadi va yetishtiradi, ularni Saudiyaga import qiladi. Ukraina bilan bug‘doy yetishtirish va mamlakatga yetkazish bo‘yicha faol hamkorlik olib boradi.

Shundan kelib chiqib, Saudiya Arabistoni tomoniga ushbu mahsulotlardan ayrimlarini investitsiya loyihasi doirasida O‘zbekistonda yetishtirish imkoniyatlarini o‘rganish taklif etildi. Buning uchun SALIC kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirish, Qishloq xo‘jaligi, Investitsiyalar va tashqi savdo kabi tegishli vazir va idoralar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish tashabbusi kiritildi.

Hamkor tomon taklifni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston bilan hamkorlik o‘rnatishga katta qiziqish mavjudligini ta’kidladi. O‘zbekistonda yetishtiriladigan meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifat jihatdan yuqori ekanini ta’kidladi.

.Al-Rumayhning so‘zlariga ko‘ra, agarda O‘zbekistonda investitsiya loyihasi doirasida mahsulotlarni yetishtirish uzoq vaqtni talab etsa, dastlabki bosqichda respublikamizdan tayyor mahsulotlarni yirik hajmda Saudiyaga import qilish imkoni borligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni kompaniyasi go‘sht mahsulotlari, baliqchilik, bug‘doy importi bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi. Hozirgi kunda ikki davlat o‘rtasida chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolanish arafasida. Yaqin kelajakda Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisi doirasida ham bu sohada aniq kelishuvlarga erishishga umid bildirildi.

SALIC ijrochi direktori O‘zbekistondan mahsulotlarni eksport qilishda davlatlarimiz o‘rtasidagi transport-logistika masalasining muhimligi, imkon qadar shu muammoni hukumatlar kun tartibi doirasida ijobiy hal qilish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Muloqotda elchixona tomonidan Namangan viloyatida 55 million dollarga teng «Chicken King» parrandachilik klasterini barpo etish hamda Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumanida 3,2 million dollarga teng «Chorvachilik majmuasini yaratish» loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbir so‘ngida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritadigan yirik kompaniyalar haqidagi ma’lumotlarni hamkor tomonga taqdim etish va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, investitsiyalar va tashqi savdo sohasi mutaxassislari bilan SALIC vakillari o‘rtasida onlayn videomuloqot o‘tkazishga kelishib olindi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Xitoy davlatlari rahbarla...

Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tashabbusi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat ene...

Italiyaning «COOP Italia» kompaniyasi O‘...

O‘zbekistonning yetakchi korxonalaridan «BMB Trade Group», «Teodora Goods», «Frutime LLC»,...

Malayziyada O‘zbekiston biznes imidjini ...

Biznes-forumda 200 ga yaqin Malayziyaning davlat idoralari, sanoat va savdo kompaniyalari ...

So`nggi yangiliklar