21/Yanvar/2022 TIV yangiliklari
TOSHKЕNT, 21-yanvar. /«Dunyo» AA/. Bugun O‘zbekiston va Vetnam tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida videokonferensiya shaklida siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi davrasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidiqov, Vetnam delegatsiyasiga tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari To An Zung boshchilik qildi.
Uchrashuv avvalida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi (17 yanvar) munosabati bilan bir-birlarini tabrikladilar. So‘ngra siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston-Vetnam hamkorligining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zaro manfaatli sohalarda ikki tomonlama va xalqaro tuzilmalar doirasidagi aloqalarni jadallashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, dunyo va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari bo‘yicha konstruktiv muloqotni davom ettirishga hozirlik bildirildi.
Bo‘lajak tadbirlar jadvali, jumladan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda O‘zbekiston-Vetnam biznes-forumining tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.