Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/Avgust/2020   O‘sish nuqtasi

O‘zbekiston va Xitoy: innovatsion hamkorlikning yangi bosqichi


TOShKENT, 24-avgust. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim bilan onlayn muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Innovatsion rivojlanish vazirligi davlat boshqaruvi va O‘zbekiston iqtisodiyotining real sektoriga innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha vakolatli organ sifatida Xitoy bilan ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish hamda uni kengaytirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. O‘z navbatida, ikki tomonlama ilmiy-texnik hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2019-yil 1-noyabrda fan va texnika sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida amalga oshirilmoqda.

Xitoy Fan va texnologiyalar vazirligi bilan imzolangan kelishuvlar doirasida 2019-yil 17-sentabrda tanlov e’lon qilingandi. Unga 61 loyiha qabul qilinib, shundan 55 tasi texnik ekspertizadan o‘tdi. O‘zbekiston va Xitoy tomonidan ma’qullangan 20 ta eng yaxshi loyiha umumiy qiymati 20 milliard so‘mga moliyalashtiriladi.

2019-yil 1-noyabrda imzolangan Fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq, Innovatsion rivojlanish vazirligi ushbu bitimni amalga oshirish uchun dastur loyihasini ishlab chiqdi. U xitoylik sheriklar bilan fan, energetika, biotexnologiya, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 11 yo‘nalishni o‘z ichiga oladi. Innovatsion rivojlanish vaziri boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi 2020-yilning birinchi choragida rejalashtirilgan edi. Epidemiologik vaziyatni hisobga olib, ushbu tashrifni tashkil etish masalasi noma’lum muddatga qoldirildi, ammo elchi karantin cheklovlari olib tashlanishi bilan, Xitoy tomoni darhol O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qilishga tayyorligini ta’kidladi.

Muzokaralarda, shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining direktori Shahlo Turdikulova ishtirok etdi. U o‘zbekistonlik olimlar tomonidan koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun ishlab chiqilgan va ushbu markazning ishlab chiqarish uchastkasida chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan koronavirus infeksiyasini aniqlaydigan test-tizimi haqida gapirdi. Koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinani ishlab chiqishda xitoylik va o‘zbekistonlik olimlarning hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Sh.Turdikulova shuningdek, joriy yilning iyun oyida ITM va Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon fizika va kimyoviy texnologiya instituti o‘rtasida "Biotexnologiya va yangi materiallar" o‘zbek-xitoy qo‘shma laboratoriyasini tashkil etish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganini aytib o‘tdi.

I.Abdurahmonov, shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida innovatsion texnoparklar sohasida hamkorlik kengayib borayotganini ta’kidladi. Shu o‘rinda, Navoiy viloyatida dori-darmonlarni sintez qilish bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy tibbiy texnoparkini yaratish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlarini tezlashtirishga kelishib olindi.

Szyan Yan xonim, o‘z navbatida, fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni amalga oshirish doirasida har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid

“UzbekMart” – pandemiya sharoitida milli...

Mamlakatimizning tashqi iqtisodiy sohasida tashqi savdo hajmi va eksportni tizimli ravishd...

Samarqand viloyatining 17 ta kichik sano...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 avgustdagi farmoniga asosan Eksport va...

O‘zbekiston 17 ta davlatga 52 ming tonn...

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston joriy yil oktyabr o...

So`nggi yangiliklar