07/Dekabr/2022 Hamkorlik
QOHIRA, 7-dekabr. /“Dunyo” AA/. Xorazm viloyati hokimligi va oziq- ovqat mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar vakillaridan iborat delegatsiya Misr poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan «Food Africa 2022» xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etayotir, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Afrika bozorida sotish imkoniyatlari o‘rganilayotir.
Ko‘rgazmaning texnologiyalar bo‘limida mamlakatimizda yetishtirilgan mevalarni saqlash uchun omborxonalarni maxsus materiallar bilan jihozlash bo‘yicha Belgiya va Germaniya kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar uyushtirildi. Unda yangi texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirish va qo‘llash istiqbollari muhokama qilindi.
O‘tkazilgan uchrashuv natijasida Yevropa tomoni bilan tegishli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
Xorazm viloyatida yetishtirilgan guruch va quruq meva mahsulotlariga misrliklar katta qiziqish namoyon etishdi. Shu bois ushbu mahsulotlarni O‘zbekistondan Misrga eksport qilish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida alohida uchrashuv tashkil etildi. Unda Misr vakillari mahsulotlar namunalarini olish va eksport shartnomalarini imzolashga tayyor ekanligini bildirishdi.
Ko‘rgazma tashkilotchilari, shuningdek, O‘zbekistoning yirik oziq-ovqat ishlab chiqarish kompaniyalarini 2023 yilda o‘tkaziladigan «Food Africa 2023» xalqaro yarmarkasida ham qatnashishga chaqirdi.