03/Avgust/2021 Iqtisodiyot
TOSHKЕNT, 3 avgust. /«Dunyo» AA/. Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) jahon iqtisodiyotini tiklash uchun rekord darajadagi, ya’ni 650 milliard AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratishni ma’qulladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
XVJ tarqatgan press-relizda qayd etilishicha, «Xalqaro valyuta jamg‘armasi zaxira aktivlari hisobidan 456 milliard SDR (Special Drawing Rights - maxsus qarz olish huquqlari, 650 milliard AQSH dollari) ajratadi. 275 milliard dollar rivojlanayotgan bozorlarga va mamlakatlarga beriladi».
«Ushbu muhim qaror — XVJ tarixidagi eng yirik SDR taqsimoti va misli ko‘rilmagan inqiroz davrida global iqtisodiyot uchun yo‘naltirilgan moliyaviy ko‘mak hisoblanadi. SDRning taqsimlanishi barcha a’zo mamlakatlar manfaati uchun xizmat qiladi», - deydi XVJ boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva.
Mablag‘larni ajratish to‘g‘risidagi qaror 23 avgust kuni kuchga kiradi. Mablag‘lar kvotalarga mutanosib ravishda jamg‘armaga a’zo mamlakatlarga o‘tkazib beriladi. Kvotaga muvofiq (0,116%) O‘zbekiston 754 million AQSH dollari olishi mumkin.
XVJ, shuningdek, yordamga o‘ta muhtoj davlatlarga tiklanish ishlarida yordam berish uchun boshqa variantlarni ham o‘rganib chiqmoqda, deyiladi jamg‘arma xabarida.
XVF jahon iqtisodiyoti joriy yil 6% va kelgusi yilda 4,9% ga o‘sishini bashorat qilmoqda.