Uz / Ўз Ru En

Toshkent

25/Oktabr/2020   Jamiyat

O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan g‘alaba qozonishda qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan kitob nashr etildi


TOShKENT, 25-oktabr. /«Dunyo» AA/. «O‘zbekiston» nashriyoti Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab o‘zbek, rus va ingliz tillarida 10 ming nusxada kitob-albom chop etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri O‘zA manbasiga asoslanib.

"Fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaga O‘zbekiston xalqining hissasi" kitob-albomi insoniyat tarixidagi eng og‘ir davr – Ikkinchi jahon urushi va uning dahshatli oqibatlari, mamlakatimiz ko‘p millatli xalqining janglarda va front ortida ko‘rsatgan jasorati, matonati haqida hikoya qiladi. Qayd etilganidek, urushda qatnashgan 2 millionga yaqin o‘zbekistonlikning yarim milliondan ortig‘i halok bo‘ldi, 133 mingga yaqini bedarak yo‘qoldi, 60 ming nafari nogiron bo‘lib qaytdi. O‘sha yillarda respublikamiz ham frontni barcha kerakli zarur mahsulot va vositalar bilan ta’minlagan ishonchli qo‘rg‘on edi. Sanoat korxonalari harbiy ehtiyojlarga yo‘naltirildi. Hamyurtlarimiz o‘zlarining barcha kuchlarini O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan yuzdan ortiq zavod va fabrikalar ishini tashkil etishga yo‘naltirdi. Bundan tashqari, mamlakatimizga urush o‘chog‘ida qolgan turli hududlardan 1 milliondan ortiq odam olib kelindi, shundan 250 mingdan ziyodi bolalar. Bu yerda ularni oila a’zolaridek qabul qilishdi, so‘nggi bo‘lak nonni ham birgalikda baham ko‘rishdi. O‘zbek oilalari yetimlarni tarbiyalashni o‘z zimmalariga oldi, ularga ota-onalarcha mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdi.

Kitobda keltirilgan ushbu misollar dunyo ahli uchun xalqimizning yuksak insoniy fazilatlarga ega ekanini yana bir misoldir.

“Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni o‘rganishda tom ma’noda yangi davr boshlandi, deb aytishga bugun barcha asoslarimiz bor. Masalan, shu vaqtga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1 million 500 mingga yaqini urushda ishtirok etgan, deb hisoblanar edi.

Yangi topilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Demak, har uch nafar o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan”, deya qayd etgan edi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev buyuk G‘alabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yil boshida Toshkentda ulkan yodgorlik majmuasi ochildi. Bu yerda G‘alaba bog‘i, Shon-sharaf muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlari bunyod etildi. Xalqimizning qonli janglardagi mardligini, front ortidagi mashaqqatli mehnati va fidoyiligini aks ettirishga bag‘ishlangan keng ko‘lamli tarixiy-badiiy ekspozitsiyalar yaratildi.

Mavzuga oid

Sherzod Shermatov: Prezidentimizning “pr...

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining Telegram kanalida propiskaga oid qabul qili...

Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster ...

London shahrida Vestminster universiteti prezidenti Piter Bonfild va Toshkent shahridagi X...

“Thank you from Uzbekistan” – Oʼzbekisto...

Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi musiqachilari butun dunyo boʼylab koronav...

So`nggi yangiliklar