Uz / Ўз Ru En

Toshkent

07/Dekabr/2021   Iqtisodiy diplomatiya

O‘zbekiston Xitoyga qadoqlangan quruq mevalar yetkazib berish hajmini oshirmoqda


PEKIN, 7 dekabr. /“Dunyo” AA/. Xitoy qayta ishlangan meva-sabzavotlar, mayiz va dukkakli mahsulotlar yetishtirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha jahonda yetakchilardan hisoblanadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Shu bilan birga mamlakatda meva-sabzavotlarga ortib borayotgan talabni qondirish maqsadida xorijiy mamlakatlardan ko‘p miqdorda quritilgan meva va yong‘oq import qiladi.

O‘zbekiston Xitoyga yeryong‘oq, yong‘oq, quritilgan o‘rik va uning danagi, mayiz va boshqa quritilgan mevalarni yetkazib beradi. Xususan, O‘zbekistonning Xitoy mayiz importidagi ulushi 40 foizni tashkil qilib, bu mamlakatning import sheriklari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Biroq xitoylik importchilar mayizni mamlakat hududida qayta ishlash maqsadida, asosan, 10-25 kilogrammlik qutilarda, qadoqlanmagan holda sotib oladi.

Bugungi kunda, Xitoyda qayta ishlab qadoqlangan mahsulotlar bozori rivojlanib bormoqda. Bunday turdagi mahsulotlar yuqori gigiyena standartlariga javob berishi hamda xaridorlarning turli ehtiyojlarini qondira olishi tufayli isteʼmolchilar tomonidan ijobiy kutib olinmoqda.

Bundan tashqari, aholi tomonidan sog‘lom turmush tarziga amal qilishga keng eʼtibor berilayotganligi sababli shirinliklar sifatiga bo‘lgan talab ham mos ravishda oshib bormoqda. Shu bilan bir qatorda mamlakatda aholi band bo‘lish darajasining tobora ortib borishi kichik hajmda qadoqlangan tayyor mahsulotlarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. O‘z navbatida, bu kabi shirinliklar aholining asosiy isteʼmol taomiga aylanib bormoqda. Bunda mahsulotning brendi va u ishlab chiqarilgan mamlakatga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

XXR bozorining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri sifatida ishlab chiqaruvchilar orasidagi kuchli raqobat mavjudligi bilan izohlanadi. Isteʼmol bozoridagi turli segmentlarning yuqori surʼatda o‘sishi bozorga yangi o‘yinchilarni jalb etmoqda. Shu sababli, Xitoy hukumati isteʼmolchilarga yuqori standartlarga javob beradigan mahsulotlarni yetkazib berilishini taʼminlash maqsadida import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini tartibga soluvchi qator talablarni joriy qilgan.

O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda Xitoyning yirik shaharlarida olib borilgan reklama-ko‘rgazma tadbirlari O‘zbekistonda tayyorlangan tayyor mahsulotlarni yirik xitoy bozoriga olib chiqish imkonini berdi. Xususan Xitoy kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma asosida Toshkentda faoliyat yuritadigan “Cherry-pick rroduction” MCHJ O‘zbekistonning VITA BOOM brendi ostida (har biri 200 gramdan) qadoqlangan turli xildagi yong‘oq va quritilgan mevalarni XXRga yetkazib berishni boshladi. Bunda qayta ishlangan va qiymat qo‘shilgan tayyor mahsulotlarni eksport qilish meva-savzavotlarni xom-ashyo ko‘rinishida yetkazib berishga qaraganda ko‘proq foyda keltirishini alohida taʼkidlash lozim.

Shuningdek, tayyor mahsulotlarni xaridorga sotishni jadallashtirish maqsadida «Uzbekistan Airways» MAK tomonidan sinov partiyasining yetkazib berilganligini taʼkidlash lozim.

Mamlakatimizda raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish zanjirini ko‘paytirish masalasi dolzarb bo‘lib turgan bir paytda bu qadamlar eksport qiluvchilarga yuqori ko‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulotlar turini kengaytirish imkonini beradi.

Qayd etish lozim, elektron savdo maydonchalari isteʼmolchilarga mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining sifati bilan bog‘liq xavotirlarning mavjudligi tufayli xalqaro savdo belgisiga ega xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotib olishga imkon yaratadi. Boshqa tarafdan, elektron savdo maydonchalari ishlab chiqaruvchilar uchun kengroq qamrov va samarali marketing imkoniyatlarini ham taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasining XXRdagi elchixonasi tomonidan «Made in Uzbekistan» yozuvi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Xitoyning mashhur elektron savdo maydonchalariga joylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Shuni aniq aytish mumkinki, bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat olib boruvchi quritilgan mevalar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun mahsulotlarini jahonning eng yirik bozori hisoblangan Xitoyga yetkazib berish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ochilmoqda.

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Niderlandiya innovatsion ...

O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi vakillari Innovatsion rivojlanish v...

Nurafshon shahrida lift ishlab chiqarish...

Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi ko‘magida Nurafshon shahar hokimi Muzaffar Soliyev, ...

O‘zbekistonning xorijdagi elchilari Tosh...

O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari Transport vazirligi rahbariyati hamda “O‘z...

So`nggi yangiliklar