Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Noyabr/2021   O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan taqdim etilgan badiiy adabiyotlar Nyu-Yorkdagi «Ziyo Art» o‘zbek maktabiga topshirildi

 NYU-YORK, 27 noyabr. /“Dunyo” AA/.  Mamlakatimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi Doimiy vakolatxonasi va O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi hamkorligida Nyu-Yorkning Bruklin mavzesida ochilgan «Ziyo Art» o‘zbek maktabiga o‘zbek adabiyotining buyuk namoyondalari – atoqli yozuvchi va shoirlarimiz qalamiga mansub bo‘lgan 400 dan ziyod kitobni topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb  xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


O‘zbekiston Prezidenti 2021 yil 11 avgustdagi qaroriga binoan tashkil etilgan “Vatandoshlar” jamoat fondi xorijiy mamlakatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, boshqa dolzarb masalalarda birgalikda ishlash maqsadiga xizmat qilmoqda. Xususan, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, xorijda o‘zbek tili, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni rag‘batlantirish, xorijda istiqomat qilayotgan va tahsil olayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va shu kabi qator xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

«Ziyo Art» o‘zbek maktabi AQSHda  2020 yilning 19 sentyabridan boshlab faoliyat olib bormoqda. Ushbu maktab o‘zbek vatandoshlarimizning «Mahalla USA» nomli nodavlat nohukumat tashkiloti huzurida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Maktabda «O‘zbek tili va adabiyoti», “Matematika”, “Odobnoma”, «Tasviriy sanʼat» va “Shaxmat” fanlaridan darslar berilmoqda. Mashg‘ulotlar shanba va yakshanba kunlari malakali o‘qituvchilar tomonidan yurtimizdan keltirilgan maxsus o‘quv materiallaridan foydalangan holda o‘zbek tilida o‘tkazilmoqda. O‘qituvchilar tanlov asosida saralab olingan.

Tadbirda O‘zbekistonning BMT huzuridagi Doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov vatandoshlarimizning farzandlariga mumtoz adabiyot namoyondalari - Alisher Navoiy, Cho‘lpon,  G‘afur G‘ulom, Asqad Muxtor, Oybek, Said Ahmad, boshqa yozuvchi va shoirlarning qalamiga mansub kitoblarni topshirdi.         

Ushbu kitoblarning aksariyat qismi Amerika diyorida istiqomat qilib, tahsil olayotgan, ushbu tadbirda ishtirok etgan o‘g‘il-qizlarga tuhfa qilindi. Kitoblar, shuningdek, maktab binosida tashkil etilgan kutubxonaga taqdim etildi. Kitoblarning yana bir qismi Pensilvaniya, Illinoys, Nyu-Jersi shtatlarida istiqomat qilayotgan o‘zbek oilalarining farzandlariga yetkazib beriladi.

Tadbir ishtirokchilari ushbu ziyo nurini amerikalik vatandoshlar farzandlariga yetkazishda jonbozlik ko‘rsatgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasiga, BMT huzuridagi Doimiy vakolatxonamizga alohida minnatdorlik izhor etdi.

Shuningdek, tadbirda Nyu-York shahar kengashi deputati Ari Kagan va Nyu-York shtati senatori Endryu Gunardes ham ishtirok etib, o‘zbek diasporasi haqida iliq fikrlarni bildirdi.

- Men o‘zbek jamiyatini Nyu-York tojining zumradi deb doimo taʼkidlayman, - deputat Ari Kagan. - Chunki ular tomonidan barcha tadbirlar go‘zal tarzda tashkil etiladi, bu millat vakillariga insoniylik va mehmondo‘stlik tuyg‘ulari xosdir.  

Nyu-York shtati senatori Endryu Gunardes AQSHda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarning o‘z farzandlariga ona tili, adabiyoti va milliy anʼanalarini o‘rgatish yo‘lidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini alohida taʼkidladi.

- Mazkur jarayon xalqlar va jamiyatlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga sezilarli hissa qo‘shadi,- deya qayd etdi Endryu Gunardes.

Tadbirda vatandoshlarimizning farzandlari o‘zbek tilida sheʼrlar o‘qib berdiva  milliy raqslarimizni ijro etdi.    

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida ...

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev boshchiligidagi delegatsiya Janub...

Seulda Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan f...

Joriy yil 20 mart - 3 aprel kunlari Seul shahrida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbirla...

2021 yil Xalqaro Turkiy akademiya tomoni...

Mamlakatimizning Qozog‘istondagi elchixonasi tomonidan buyuk shoir va mutafakkir Alisher N...

So`nggi yangiliklar