27/Yanvar/2021 Jamiyat
TOSHKENT, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlamentning quyi palatasi maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni taʼminlash, shuningdek vazmin, o‘zaro foydali va konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirish masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Shuningdek, Prezidentimizning 2019-yil 15-noyabrdagi farmoni bilan Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi hamda uni 2019-2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ushbu Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ning ijrosini muvofiqlashtirish ishlari Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Qonun loyihasi bilan mamlakatimizda 30 iyul — Xalqlar do‘stligi kuni sifatida nishonlanishi belgilanyapti. Xalqlar do‘stligi kunini bayram qilishdan asosiy maqsad — insonlar, xalqlar, davlatlar – umuman olganda jamiyatning turli qatlamlari hamda tuzilmalari o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va do‘stlik aloqalarini yana-da rivojlantirishdan iborat.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.