19/Yanvar/2022 Jamiyat
TOSHKЕNT, 19 yanvar. /«Dunyo» AA/. Uchuvchisiz aviatsiya majmualarini ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan xalqaro texnik talab va standartlarga to‘la javob beradigan «Lochin» nomli dronlar ishlab chiqildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasidan ma’lum qilinishicha, markaz uchuvchisiz aviatsiya majmualarini ishlab chiqarish, yig‘ish, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish uchun zarur yig‘uv jamlanmalari, texnologik va maxsus uskunalar, tekshirish (test, laboratoriya) moslamalari kabi texnologik jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.
Shuningdek, «Lochin» dronlari bir qancha maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan bo‘lib, razvedka qilish, zarba berish, xususan, real vaqt rejimida kuzatish, ma’lumot olish, artilleriya o‘t ochish jarayonini boshqarish kabi vazifalarni bajaradi.
Shu bilan birga, «Lochin» dronlaridan qishloq xo‘jaligi, neft va gaz, o‘rmon xo‘jaligi, temir yo‘llar, geologiya-qidiruv sohalarida, kartografiya, topogeodeziya, ekinlarni defoliatsiya qilish, qo‘riqxonalarni, yo‘llarni, ijtimoiy infratuzilma hamda muhim ob’ektlarni kuzatish va boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin.