13/May/2020 Iqtisodiyot
Farmon bilan O‘zbekistonda bank sektorini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Ushbu farmon bilan 2020–2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi tasdiqlandi hamda strategiyani amalga oshirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.
Maqsadli ko‘rsatkichlarda, jumladan, quyidagilar nazarda tutildi:
- bank tizimi aktivlarining jami hajmida davlat ulushi bo‘lmagan banklar aktivlari hissasini joriy 15 foizdan 2025 yilga kelib 60 foizgacha oshirish;
- banklar majburiyatlarining umumiy hajmida xususiy sektor oldidagi majburiyatlar hissasini joriy 28 foizdan 2025 yil yakuniga 70 foizgacha oshirish;
- 2025 yilga kelib davlat ulushi mavjud kamida uchta bank kapitaliga zarur tajriba, bilim va nufuzga ega kamida uchta strategik xorijiy investorlarni jalb qilish;
- umumiy kreditlash hajmida nobank kredit tashkilotlari ulushini joriy 0,35 foizdan 2025 yilga kelib 4 foizgacha oshirish.
Bundan tashqari ushbu farmonda xalqaro moliya institutlari ko‘magida “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Asaka”, “Aloqabank”, “Qishloq qurilish bank” va “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banklaridagi davlat ulushlari bosqichma-bosqich xususiylashtirilishi belgilandi. Bunda birinchi bosqichda ular institutsional o‘zgartiriladi (faoliyati transformatsiya qilinadi), ikkinchi bosqichda esa davlat aksiyalari paketi sotiladi.
“Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki” aksiyadorlik jamiyati, “Agrobank” va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banklari ustav kapitallarida davlat ulushi saqlab qolinadi.
Ayrim banklarning moliyaviy ahvolini baholash asosida, qayta tashkil etishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda qonun hujjatlariga muvofiq ular konsolidatsiyalanadi.
Farmonga muvofiq, Moliya vazirligi huzurida Davlat ulushiga ega tijorat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi.
Loyiha ofisiga O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladi.