Uz / Ўз Ru En

Toshkent

15/Oktabr/2021   Jamiyat

O‘zbekistonda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi


TOSHKЕNT, 15-oktabr. /«Dunyo» AA/. Kecha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi BMTning mamlakat jamoasi hamda YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda O‘zbekistonda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy maslahatlashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi matbuot xizmat ma’lumotiga ko‘ra, maslahatlashuvda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat vakillari, markaziy idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Milliy maslahatlashuvning asosiy maqsadi – Konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan Milliy harakatlar rejasi loyihasini muhokama kilish va mazkur loyihani yanada mukammallashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar olishdan iborat. 

Milliy maslahatlashuvda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi raxbari Munir Mamedzade, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalar muvofiqlashtiruvchisi P’er fon Arks so‘zga chiqdi. 

Tadbirda O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2021 yil 22 fevral kuni bo‘lib o‘tgan 46-sessiyasida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish tashabbusini ilgari surgani bejiz emasligi ta’kidlandi. 

Oliy Majlis Senatining 2021 yil 29 may kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi muhokama etildi va tasdiqlandi. Qonun 2021 yil 7 iyunda qabul qilindi.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya O‘zbekiston uchun 2021 yil 28 iyul kunidan boshlab kuchga kirishi to‘g‘risidagi BMT Bosh kotibining xabarnomasi olindi.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning tengligi, huquqlari, ayniqsa, ayollar va bolalarning ta’lim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishi, o‘zi va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lishining huquqiy kafolatlarini belgilovchi xalqaro-huquqiy hujjatdir.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan. 2021 yil fevral holatiga ko‘ra, BMTga a’zo 192 davlatdan 182 tasi ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilgan. 

O‘zbekiston 2009 yil 27 fevralda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani imzolagan va kelgusida ratifikatsiya qilishga ishonch bildirgan. Joriy yil 7 iyun kuni ushbu ishonch amaliy tasdig‘ini topdi.

Konvensiya insonlarning turli-tumanligi va qadr-qimmati prinsiplarini o‘zida mujassamlashtirgan. Uning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, nogironligi bo‘lgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Nogironlar huquqlari to‘g‘isidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan noyob tajriba qo‘llanildi. Ya’ni xalqaro-huquqiy hujjat dastlab milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, shundan keyin ratifikatsiya qilindi.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini O‘zbekistonda amalga oshirish maqdsadida Milliy harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqish rejalashtirildi. Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi. 

Markaz tomonidan Milliy harakatlar rejasining dastlabki loyihasi ishchi guruh a’zolari takliflari asosida ishlab chiqildi. Loyiha 20 dan ziyod vazirlik va idora, 10 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotiga takliflar olish yuzasidan yuborildi. 

Milliy harakatlar rejasi loyihasi xalqaro tashkilotlar – BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisiga yuborildi. Olingan takliflar asosida loyiha yanada takomillashtirildi.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida zamonaviy usullar va xalqaro standartlarni joriy etish imkoni ortadi. Bu, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlarining «Hech kimni ortda qoldirmaslik» tamoyilini amalga oshirishga yordam beradi.

Mavzuga oid

Tojikistonda bo‘lib turgan O‘zbekiston f...

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi COVID-19 koronavirusi pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan...

O‘zbekiston Respublikasining doimiy ahol...

O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, 2021 yil 1 aprel holatiga ko‘ra...

Finlyandiya universiteti bilan hamkorli...

Toshkent davlat stomatologiya instituti va Finlyandiyaning JAMK universiteti hamkorligida ...

So`nggi yangiliklar