Uz / Ўз Ru En

Toshkent

01/Iyun/2021   Parlament

O‘zbekistonda Bolalarni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etiladi


TOSHKЕNT, 1 iyun. /«Dunyo» AA/.  Bugun Oliy Majlis Senati hamda YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan «O‘zbekistonda bola huquqlarini amalga oshirishda erishilgan yutuqlarni monitoring qilishda parlament rolini kuchaytirish» mavzusida o‘tkazilgan “davra suhbati”da shu haqda ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda yangi O‘zbekistonda bolalar huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan va izchil davom ettirilayotgan islohotlar hamda e’tibor qaratish zarur bo‘lgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan 2017-2021 yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosidagi har yilgi Davlat dasturlarida bolalar va yoshlar huquqlarini himoya qilish, ularning salomatligini mustahkamlash, sifatli ta’lim olishlarini ta’minlash va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar belgilangani holda bu yo‘nalishdagi vazifalar izchil bajarilmoqda.

Bundan tashqari, “davra suhbati”da mamlakatimizda Bolalar Ombudsmani instituti faoliyat boshlagani hamda bolalar mehnatiga mutlaqo chek qo‘yilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ham alohida e’tirof etilgani ta’kidlandi.

Bolalar ta’limining uzuluksizligini ta’minlash va sifatini yanada yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmonlari bilan maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi va Oliy ta’limni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyalari tasdiqlandi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan “Bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Unda 2021-2026 yillarda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va bola huquqlari to‘g‘risidagi boshqa hujjatlarni bajarish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish singari dolzarb vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratilgan.

Tadbirda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida 6 – 23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni “A” vitamini bilan va 2 – 10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlash belgilangan.

Respublika bo‘yicha 3-4 yoshdagi barcha bolalarni poliomiyelit kasalligiga va 12-13 yoshdagi barcha o‘smir qizlarni saratonga qarshi emlash ishlari uchun 1 mln AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirilgan.

Bulardan tashqari, joriy yilda mehribonlik uylarining uy-joyga muhtoj 900 nafar chin yetim bitiruvchilari uy-joy bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ta’lim olishi va kasb egallashiga ko‘maklashish, og‘ir kasallikka chalingan bolalarni davolash maqsadida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etilib, undan ko‘zlangan maqsadlarning amalga oshirilishini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan 100 millard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Jahon banki, YUNISЕF ko‘magida bolaning ilk rivojlanishiga xizmat qiladigan maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini yanada kengaytirish hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha ta’limni uyda berish modeli joriy qilinmoqda.

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Xitoy parlamentlararo alo...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari kecha «Xitoy – Markaziy Osiyo» y...

Xalq vakillari tashqi mehnat migratsiyas...

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan «Tas...

YEXHT PA maxsus vakili: O‘zbekiston bila...

Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo global hamkorlik xalqa...

So`nggi yangiliklar