Uz / Ўз Ru En

Toshkent

14/Dekabr/2022   Investitsiyalar

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Janubiy Koreya investorlarining 100 muammosi hal etildi

TOSHKENT, 14-dekabr. /“Dunyo” AA/. Kecha poytaxtimizdagi «Panarams Radisson» mehmonxonasida O‘zbekiston vazirlik va idoralari vakillari ishtirokida Janubiy Koreyaning yetakchi investorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri


Savdo-sanoat palatasi (SSP) maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda 100 ta Koreya Respublikasi  korxonalari ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnoma orqali aniqlangan masalalar muhokama qilindi.

Maʼlumki, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik yangi, yuqori darajaga ko‘tarildi. Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan tashqi savdo aylanmasi miqdori jihatidan yetakchi 5 mamlakatlardan biri. Ayni paytda yurtimizda savdo, transport va logistika, axborot texnologiyalari, turli xizmatlar, qurilish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 930 ta – 380 qo‘shma korxona va 550 to‘liq Koreya kapitali asosida faoliyat olib borayotgan biznes subyekti mavjud.

Shuni ham qayd etish joizki, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Koreyaning Xalqaro hamkorlik agentligi, Xalqaro savdo uyushmasi, «Koreya-Markaziy Osiyo» hamkorlik forumi kotibiyati kabi tuzilmalari bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida muntazam ikki tomonlama safarlar uyushtirib, turli loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

2022 yil yanvar-sentyabr oylarida o‘zaro savdo aylanmasi 1,8 milliard dollarni tashkil etib, 2021 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 5,1 foiz o‘sishga erishildi. Bu jarayonga transport, qurilish, to‘qimachilik, kimyo, oziq-ovqat sohalari vakillari salmoqli ulush qo‘shdi.

Koreyalik ishbilarmonlar O‘zbekistonda so‘nggi yillar davomida tizimli yo‘lga qo‘yilgan iqtisodiy islohotni eʼtirof etib, jumladan, xorijiy investitsiya jalb etishni nazarda tutuvchi huquqiy asos, qulay sharoit va imkoniyat yaratilayotgani, respublikamizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish choralari ko‘rilayotganini taʼkidlashdi.

Shu bilan birga, xorijiy investorlar faoliyati davomida uchrayotgan baʼzi muammolarni ham bayon qilishdi. Ko‘tarilgan masalalarning aksariyati shu joyning o‘zidayoq tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan hal etilib, masʼullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ushbu formatdagi uchrashuvlar Janubiy Koreyalik investorlarning O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun yana-da qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida  hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va mustahkamlash uchun imkoniyatlarni o‘rganishda o‘zining yuqori natijadorligini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid

Farg‘ona viloyati hokimligi va Janubiy ...

Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi hamda Janubiy Koreya - O‘zbekiston ishbilarmonlar as...

Jizzax va Sindao shaharlari o‘rtasida do...

Jizzax va Sindao (Xitoy) shaharlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi...

ITSVda Janubiy Koreya moliyaviy guruhi b...

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida (ITSV) BNK Financial Group direktorlar Kengash...

So`nggi yangiliklar