21/Yanvar/2022 Jamiyat
TOSHKЕNT, 21-yanvar. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tomonidan Jahon bankining Toshkent ofisi bilan hamkorlikda «O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi» maqsadlariga bag‘ishlangan onlayn-konferensiya tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Milliy palata ma’lumotiga ko‘ra, konferensiyada O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi, Palata vakillari, Jahon bankining Vashington ofisi, USAIDning «Dori vositalarining sifatini oshirish (PQM+)» dasturi mutaxassislari, jumladan, PQM+ dasturi boshqarmasi direktori doktor Archil Salakaya, katta texnik maslahatchi Yan Uarsin, USAID dasturi koordinatori Flora Solihova ishtirok etdi.
JSSTning xalqaro eksperti, ko‘p yillar JSST departamenti (Jeneva) rahbari, Pokiston sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lib ishlagan doktor Zafar Mirza ekspert sifatida qatnashdi va ma’ruza qildi.
Milliy palata vakili K.Yodgorova o‘z chiqishida «O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi»ni ishlab chiqishda xalqaro ekspertlar va xalqaro tashkilotlarni jalb etish nazarda tutilganini ta’kidladi. «Sog‘liqni saqlash strategiyasi barqaror rivojlanish maqsadlarga erishishga olib keladigan muhim choralarni tavsiflab beradi, - dedi u. - Xususan, Strategiyaning «Farmatsevtik preparatlar va tibbiy mahsulotlar» segmentida uning tezroq va barqaror rivojlanish imkonini beruvchi bir qator shartlari ko‘zda tutilgan».
Onlayn-konferensiyada, shuningdek, Strategiyaning farmatsevtika yo‘nalishiga USAIDning «Dori vositalarining sifatini oshirish (PQM+)» dasturi tomonidan ko‘mak berish masalalari muhokama qilindi.
PQM+ farmatsevtika kompaniyalari faoliyatini baholash va boshqa tadbirlarni o‘z ichiga olgan O‘zbekistondagi yangi yo‘nalishidir.
2021 yil yanvar oyida O‘zbekiston farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi va USAID o‘rtasida mamlakatimizda «Dori vositalarining sifatini oshirish plyus» dasturini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolangan.