12/May/2021 9 may - Xotira va qadrlash kuni
TOSHKENT, 12-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining moddiy taʼminotini yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbarining mazkur farmoni bilan keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilishning samarali tizimini shakllantirish, Vatan obro‘-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga faol qatnashayotgan qariyalarni eʼzozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan faxriylarning moddiy taʼminotini yana-da kuchaytirish vazifalari tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, 1941-1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalari 2,5 million so‘m etib belgilangan.
Ushbu tartib 2021 yil 10 maydan boshlab kuchga kirdi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining moddiy taʼminotini oshirish ishlari Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.