21/Yanvar/2022 Iqtisodiy diplomatiya
TOSHKЕNT, 21-yanvar. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Ulug‘bek Maqsudov «Istiqlol Tekstil Dizayn LLC» kompaniyasi asoschisi Baxtiyor Umarov bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekistonning «Ideal» brendi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Saudiya Arabistoni bozoriga eksportini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Saudiya Arabistonida to‘qimachilik, xususan kiyim-kechak mahsulotlariga talab oshib borayotgani ta’kidlandi. O‘z navbatida, Saudiya bozorlarida «Istiqlol Tekstil Dizayn LLC» kompaniyasi mahsulotlarining sifat va narx jihatdan raqobatbardoshligi qayd etildi.
Muloqot chog‘ida Saudiya Arabistoni bozoriga kiyim-kechak va poyafzal mahsulotlarini yetkazib berish, Ar-Riyod, Jidda va Madina shaharlarida maxsus savdo nuqtalarini, shuningdek, mavjud «online» tizimlari orqali «Ideal» brendi mahsulotlari savdosini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida «Istiqlol Tekstil Dizayn LLC» kompaniyasi vakillarining Saudiya Arabistoniga amaliy safarini tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.