Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Iyun/2022   Konstitutsiyaviy islohotlar

O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar Qozog‘iston OAV diqqat markazida

NUR-SULTON, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. Qozog‘iston keng jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Konstitutsiyasini isloh qilish jarayonini alohida eʼtibor bilan kuzatmoqda, deb xabar qilayapti “Dunyo” AA muxbiri.


Xususan, “Liter” onlayn-nashrida mamlakatimiz Asosiy qonunini takomillashtirishning maqsad va mohiyatiga bag‘ishlangan turkum materiallar eʼlon qilindi.

Ulardan birida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Konstitutsiyaviy komissiya aʼzosi Inomjon Qudratovning Konstitutsiyani isloh qilish tamoyillariga bag‘ishlangan fikrlari bayon qilingan.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar «Inson shaʼni va qadr – qimmati yo‘lida», “Inson-jamiyat-davlat”, «Inson-eng oliy qadriyat» tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda.

Keng jamoatchilikdan tushgan takliflar tahlili shuni ko‘rsatadiki, xalq amalga oshirilayotgan islohotlarda faollik ko‘rsatmoqda, odamlarda o‘zgarishlar jarayoniga ishonch hissi ortmoqda. Tashabbuskorlar orasida nafaqat huquqiy bilimga ega olimlar, balki turli yoshdagi kishilar va turli soha vakillari ham borligi buni tasdiqlaydi.

O‘z navbatida, Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya yig‘ilishlarida har bir taklif eʼtibordan chetda qolmagani alohida taʼkidlandi. Ular axborot-tahlil guruhi tomonidan o‘rganildi. Komissiyaga taqdim etilgan takliflar inson shaʼni va qadr-qimmatini, uning ozodligi va farovon hayotini taʼminlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga asoslangan.

“Liter” Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodira Janibekovaning ham fikrlarini eʼlon qildi.  U Konstitutsiya jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlarga, yangi tarixiy davrga mos kelishi va mamlakatda demokratik o‘zgarishlarni davom ettirish uchun sharoit yaratishi kerakligini taʼkidlaydi.

 XXI asrda 90 ga yaqin davlat konstitutsiyalariga o‘zgartirishlar kiritildi va to‘ldirildi, ular tub islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun boshlangan va jamiyatdagi o‘zgarishlar davriga to‘g‘ri kelganligi sababli xalq tomonidan to‘g‘ri qabul qilindi.

«Konstitutsiyaviy islohot - bu jamiyatning barcha qatlamlarining roziligiga asoslangan jarayon», deydi u.

 Nashrda taʼkidlanganidek, konstitutsiyaviy o‘zgarishlar va umuman mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosi avvalgi «Davlat — jamiyat — shaxs» o‘rniga «Inson — jamiyat – davlat» tamoyili asosida shaxs manfaatlarini taʼminlashdan iborat.

«Albatta, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish bilan birga, xorijiy davlatlardagi bunday o‘zgarishlarning tajribasini tahlil qilish va o‘rganish zarur. Konstitutsiyamizni takomillashtirishda nafaqat huquqshunoslar, deputatlar, senatorlar, siyosatshunoslar, olimlarning, balki yoshlar va xalqning faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega», - deb qayd etadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Maʼlumot uchun, bundan avval Qozog‘istonning “Infozakon”  internet-portalida va “Kazinform” axborot agentligida O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni muhokamasiga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilingan edi.

Mavzuga oid

Tojikistondan munosabat: O‘zbekistondagi...

Tojikiston hukumatining rasmiy nashri - «Xalq ovozi» gazetasi bosh muharriri Yoqubjon Abdu...

O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy islohotla...

O‘zbekistonda ro‘y berayotgan muhim o‘zgarishlar, xususan, Konstitutsiyaviy islohotlar jar...

BAAdagi vatandosh: Konstitutsiyamizga ki...

Birlashgan Arab Amirliklarida vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan faol v...

So`nggi yangiliklar