Uz / Ўз Ru En

Toshkent

15/Dekabr/2020   Jamiyat

O‘zbekistonda korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar qariyb 7 foizga kamaygan


TOSHKENT, 15-dekabr. /«Dunyo» AA/ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ichki ishlar vazirligi tomonidan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Korrupsiya so‘nggi yillarda xalqaro miqyosda transmilliy jinoyat sifatida xalqaro tashkilotlar tomonidan keng muhokama qilinayotgan dolzarb mavzuga aylandi. Hatto ayrim siyosatchilar tomonidan korrupsiyaga global inqirozni keltirib chiqaruvchi omil sifatida ta’rif berilayotir. Zero korrupsiya mamlakat rivojlanishiga to‘siq bo‘lib, unga jamiyatdagi bir kasallik sifatida qaralmoqda.

Matbuot anjumanida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatchilikning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Jumladan, pora olish yoki berish, unga vositachilik qilish, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiise’mol qilish, mansab soxtakorligi kabi jinoyatlarga qarshi qat’iy kurash olib borilmoqda.

Joriy yilning 11 oyi mobaynida Ichki ishlar vazirligi jinoyat qidiruv bosh boshqarmasining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan 748 ta korrupsiya va iqtisod sohasida sodir etilgan, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyat aniqlandi. Mazkur jinoyatlarning 94 tasi poraxo‘rlik, 55 tasi tovlamachilik, 350 tasi firibgarlik, 77 tasi valyuta qoidasini buzish, 17 tasi qalbaki pul yasash, 77 tasi o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda 78 tasi boshqa turdagi jinoyat hisoblanadi. Bu yo‘nalishda aniqlangan jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 6,8 foizga kamaygan.

Tezkor qidiruv chora-tadbirlari natijasida 142 guruh tomonidan sodir etilgan jinoyatlar fosh etilib, jinoyat sodir etgan 937 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 115 nafariga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Jinoyatlar natijasida yetkazilgan 122 milliard 320 million so‘m moddiy zararning 62 milliard 514 million so‘mi undirilishi ta’minlandi.

So‘ngi yillarda korrupsion huquqbuzarliklar profilaktikasiga bo‘lgan e’tiborning kuchaytirilganligi sababli poraxo‘rlik jinoyatlari aniqlanishi Qashqadaryo viloyatida 91,3 foiz, Surxondaryo viloyatida 75 foiz, Samarqand va Toshkent viloyatlarida 50 foiz, Toshkent shahrida 25 foiz, Farg‘ona viloyatida 23,5 foiz hamda Navoiy viloyatida 14,3 foizga kamayishiga erishilgan.

Shuningdek, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlarini aniqlash Xorazm viloyatida 66,7 foiz, Jizzax viloyatida 50 foiz, Sirdaryo viloyatida 42,9 foizga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 33,3 foiz, Namangan viloyatida 23,5 foiz hamda Toshkent shahrida 20 foizga kamaygan.

Mavzuga oid

Rossiyada mehnat migrantlariga 2020 yil ...

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining xorij fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, xu...

Toshkentdagi Inha universitetida birinch...

“Project Managers” kompaniyasi “UzCard” milliy to‘lov tizimi hamkorligida Toshkent shahrid...

Xalqaro reyting va indekslar bilan ishla...

Xalqaro reytinglar va indekslar bilan ishlash bo‘yicha Respublika kengashining videokonfer...

So`nggi yangiliklar